Xiva shahrida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi oʻtkaziladi

    Mamlakatimizda 26 Iyun 2025 619

    Shu yilning 1-2-iyul kunlari qadimiy va goʻzal Xiva shahrida "Yangi ufqlarni izlab: muloqotdan hamkorlikdagi harakatlargacha" mavzusida Birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi oʻtkaziladi.

    "Dunyo" AAning maʼlum qilishicha, parlament yuqori palatasi maʼlumotiga koʻra, unda Oʻzbekiston Oliy Majlisi va Ozarbayjon Milliy Mejlisi aʼzolari hamda ikki mamlakatning Yoshlar parlamentlari vakillari ishtirok etadi.

    Forum maqsadi parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasida tajriba almashish, shuningdek, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga koʻmaklashishdan iboratdir.

    Anjuman yakunlari boʻyicha strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, ustuvor sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, qoʻshma tashabbuslarni samarali amalga oshirish boʻyicha huquqiy asoslarni takomillashtirishga qaratilgan yakuniy hujjat qabul qilish nazarda tutilgan.