Mazkur musobaqaga Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi Xorazm viloyat boʻlimi, Xorazm viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi, uning tuman boʻlimi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat boshqaruvi uning Xiva tuman boʻlinmasi, tuman hokimligi, “Vatanparvar” tashkiloti xodimlari bosh boʻldi.
— Mazkur musobaqani oʻtkazishdan maqsad, sportning velosport turini yoshlar oʻrtasida targʻib qilish, ommalashtirish, aholining ushbu sport turiga qiziqishini oshirishga koʻmaklashish, — deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Xiva tuman boʻlinmasi boshligʻi Feruza Masharipova. — Xivada oʻtkazilgan musobaqa qizgʻin, murosasiz oʻtdi. Tayyorgarlik ham shunga yarasha boʻldi. Sportning velosport turiga qiziquvchi yoshlarni koʻrib, rosti quvondim. Bir-biridan chaqqon, bir-biridan epchil va harakatchan. Ular Toshkentda, 2025-yil oʻtkazilishi rejalashtirilgan IV yozgi Osiyo oʻyinlariga hozirdan tayyorgarlikni boshlab yuborishgan. Saralash bosqichlaridan oʻtib, IV yozgi Osiyo oʻyinlarida ishtirok etishga, Oʻzbekiston bayrogʻini yuqoriga koʻtarishga harakat qilishyapti.
Sportning velosport turi boʻyicha oʻtkazilgan musobaqa gʻoliblariga “Mahalla” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat boshqaruvi, uning tuman boʻlinmasi, qolaversa hamkor tashkilotlar tomonidan diplom, qimmatbaho sovgʻalar topshirildi. Eng yaxshi koʻrsatkichga erishgan, chaqqon va shijoatli bolalar va oʻsmirlarga Xorazmda oʻtadigan musobaqaning viloyat bosqichiga yoʻllanmalar berildi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi
Xorazm viloyat boʻlimi matbuot xizmati