Xiva shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda hamraisligida Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda soʻnggi yillarda Oʻzbekiston-Tojikiston hamkorlikning yangi bosqichga koʻtarilgani, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ittifoqchilik aloqalari amaliy jihatdan mustahkamlanib borayotgani, bunda ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon oʻrtasidagi ishonchli munosabatlar hamda ularning siyosiy irodalari muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.
Yigʻilishda asosiy eʼtibor savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, energetika, sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga qaratildi.
Qayd etilganidek, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi oxirgi besh yilda ikki barobar oʻsdi. Qoʻshma korxonalar soni uch yuzdan oshdi. Bu koʻrsatkich doimiy ravishda oʻsib bormoqda. Shu bilan birga, tovar aylanmasi koʻrsatkichi mamlakatlar salohiyatiga toʻlaqonli mos kelmaydi va hali foydalanmagan barcha imkoniyatlar mavjud.
Bundan tashqari, Davlatlarimiz rahbarlari hukumatlar zimmasiga
2030-yilgacha oʻzaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish yetkazish vazifasi qoʻyilgan
Yigʻilishda buning uchun sanoat kooperatsiyasini yanada chuqurlashtirish, transport va kommunikatsiya sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, suv resurslari va energetika sohasida oʻzaro manfaatli samarali hamkorlikni davom ettirish, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash borasidagi ishlar izchil davom ettirish, mamlakatlarimiz hududlari oʻrtasidagi hamkorlik faol rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish kerakligi bildirildi.
Yakunda Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning oʻn ikkinchi yigʻilishi bayoni imzolandi.
Shuningdek, ikki mamlakat Bosh vazirlari birgalikda Xivadagi Ichan qalʼaga tashrif buyurdi. “Ochiq osmon ostidagi muzey” deya eʼtirof etiladigan mazkur Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan birdan-bir butun boshli shahar Tojikiston delegatsiyasida katta taassurot qoldirdi.