Xivada “Qovun sayli” festivali boshlandi

    Turizm 10 Avgust 2024 1324

    Xiva shahridagi qadimiy “Ichʼan qalʼa” majmuasida anʼanaviy “Qovun sayli” festivali boʻlib oʻtyapti.

    Kecha festivalning rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Turizm qoʻmitasi raisi U.Shadiyev, Xorazm viloyati hokimi J.Rahimov, shuningdek, qator tashkilot va idoralar, mahalliy hokimliklar rasmiylari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Festival uchun “Polvon” darvoza oldi, “Alleya” maydonining 4 gektarida 60 ta pavilyon tashkil etilib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek, Xorazm viloyatidagi 13 ta shahar va tuman hokimliklari, oʻz hududlarida yetishtirilgan meva-sabzavotlar, poliz ekinlari qovun mahsulotlarining “Gurvak”, “Qilichboy beshak”, “Qariqiz”, “Tuya qovun”, “Toʻyona”, “Ola zamcha”, “Xorazm oq novvoti”, “Koʻk gulobi”, “Boʻrikalla” kabi mahalliy qovunlarning 125 ga yaqin navlari namoyishi hamda hunarmandchilik mahsulotlari bilan ishtirok etyapti.

    “Turizm sohasini rivojlanishiga bevosita taʼsir koʻrsatayotgan yana bir yoʻnalish bu agroturizm hisoblanadi. Har yili ayni qovun pishigʻi mavsumida oʻtkaziladigan “Qovun sayli” festivali oxirgi ikki yil davomida xalqaro darajada oʻtkazilib kelinayotganligi alohida eʼtirofga loyiq. 2023-yilda oʻtkazilgan festival doirasida 200 ming nafardan ortiq mahalliy va 15 ming nafarga yaqin xorijiy sayyohlar ishtiroki qamrab olingan boʻlsa, bu yilgi festivalda 400 ming nafar mahalliy sayyohlar va 30 ming nafar xorijiy sayyohlarining ishtiroki kutilyapti”, deb taʼkidladi U.Shadiyev ochilish marosimidagi nutqida.

    Festival 12-avgustgacha davom etadi va festivalning keyingi kunlarida bir qancha gastronomik tadbir va tomoshalar rejalashtirilgan hamda tadbirning soʻnggi kunida:

    - “Qovunchilikda eng yuqori daromad va hosildorlikka erishganlik uchun”;

    - “Qadimiy anʼanaviy Xorazm qovunlari navlarini tiklash”;

    - “Qovunchilikda innovatsion texnologiyalar joriy qilganligi uchun”;

    - “Eng koʻp turdagi qovun yetishtirgan hudud” nominatsiyalari boʻyicha baholash, folklor jamoalari chiqishlari boʻlib oʻtadi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.