Xivada yangi institut ish boshladi

    Xiva shahrida Ma'mun nomidagi jahon tillari instituti ish boshladi.

    Oliy ta'lim muassasasi 400 nafar talabani o'z bag'riga qabul qildi. Nodavlat, notijorat shaklidagi bu oliygohda uchta xorijiy til o'qitiladi. Rus, ingliz va fransuz tillarini mukammal egallagan talabalar diplom olgach, maktablarda va maktabgacha ta'lim tashkilotlarida yoshlarga mazkur tillarni o'qitishadi.

    — Qadim Xivaga dunyoning turli davlatlaridan minglab sayyohlar tashrif buyurishayotgani mehmonlarga malakali, xorij tillarini yaxshi biladigan yo'lboshlovchilar biriktirilishini ham taqozo etmoqda, — deydi iqtisodiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ro'zmetov. — Shu ma'noda viloyatda jahon tillari instituti ish boshlagani nur ustiga nur bo'ldi. Mazkur oliygohda xorijiy tillar bo'yicha yetuk mutaxassislar yetishib chiqishiga ishonamiz.

    Ro'zimboy Hasan,

    «Yangi O'zbekiston» muxbiri