Joriy yilning 28-29-30 may kunlari Buxoro viloyatida XIX an'anaviy “Ipak va ziravorlar” festivali o'tkazilishi munosabati bilan juda yuqori saviyada tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Zero, bu yilgi festival o'tgan yillardagiga nisbatan yuqori saviyada, o'zgacha ruhda o'tishi kutilmoqda.
Festivalda milliy hunarmandchilikning 34 ta yo'nalishi bo'yicha 1000 dan ortiq, shundan xorijiy mamlakatlardan 30 dan ortiq hunarmandlarning ishtiroki kutilmoqda.
Festival Buxoro viloyat hokimligi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi va Buxoro viloyati boshqarmasi, viloyat turizm va sport boshqarmasi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkillashtirilmoqda.
Festival an'anaviy milliy hunarmandchilikni rivojlantirish uni xalqaro miqyosida keng targ'ib qilish, hunarmandlar o'rtasidagi aloqalarni kengaytirish, hunarmandchilik va turizmni yanada ravnaq toptirish, Buxoroni jahon sayyohlik markazlaridan biriga aylantirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” hamda “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz fuqarolar, imkoniyati cheklangan insonlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida festivalda pavil`onlardan joy ajratish ko'zda tutilgan.
Festivalda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan, qo'shni Tojikiston, Qirg'iziston, Afg'oniston va boshqa davlatlardan usta hunarmandlar, sayyohlik tashkilotlari mutaxassislari, xorijiy davlatlarning yurtimizdagi elchixonalari va xalqaro tashkilotlarning vakillari tashriflari kutilmoqda.
Xurshid Yahyoev,
"Hunarmand" uyushmasi Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig'i