Mamlakatimiz temir yoʻl transporti tizimida yangi yoʻnalishlar bunyod etilib, qoʻshimcha qatnovlar sonining koʻpayishi oʻz-oʻzidan yoʻlovchi vagonlarga boʻlgan talab va ehtiyojni yanada ortishiga sabab boʻlmoqda. Qolaversa, yurtimizda aholi sonining ham tobora ortib borayotgani yoʻlovchi tashish sohasini yanada rivojlantirish, qoʻshimcha qatnovlarni yoʻlga qoʻyish, sifatli va yangi xizmat koʻrsatish turini shakllantirish uchun zamonaviy qulayliklar yaratishni taqozo etadi.
Joriy yil 19-sentyabr kuni Prezidentimiz raisligida mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “Toshkent – Samarqand” va “Toshkent – Andijon” yoʻnalishlarida avtomobilda yoʻlovchi tashish vaqti oʻrtacha 1-1,5 soatga koʻpaygani, lekin, temir yoʻl va aviaqatnovlar soni va sifati talab darajasida emasligi tanqid qilindi. Viloyat markazlaridan Toshkent, Nukus, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlariga avia va temir yoʻl qatnovlarini 2 baravar koʻpaytirish, kamida 500 ta eski tipdagi vagonlarni kelgusi ikki yilda rekonstruksiya qilish boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash borasida temir yoʻllar tizimida amaliy ishlarga kirishildi. Xususan, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi vazifasini bajarauvchi boshchiligidagi ishchi guruh 26-sentyabr kuni “Toshkent yoʻlovchi vagonlarni qurish va taʼmirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatida boʻlib, korxona mutaxassislari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Shundan soʻng korxonaga taʼmirlash uchun olib kirilgan hamda taʼmirdan chiqarilgan yoʻlovchi vagonlar koʻzdan kechirildi. Tez orada korxonaga keltirilgan yigirmaga yaqin plaskart vagonlar qisqa muddatda sifatli va zamon talablariga mos holda foydalanishga yoʻllanadi.
Korxonada oʻtkazilgan uchrashuvda jamiyat rahbariyati tomonidan tegishli mutasaddi xodimlarga ishchi marketing guruhini tashkil qilib, yoʻlovchilarning talab va istaklarini oʻrganish, poyezdlarda xizmat turlarini koʻpaytirish, restoran vagonlarini ulash, sanitariya, gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda, turli xil taomlar tayyorlab, yoʻlovchilarga maqbul narxlarda taqdim qilish, vagon kuzatuvchilarining faoliyatini kuchaytirish, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishni yanada yaxshilash boʻyicha vazifalar belgilab berildi.
Shu bilan birga, Fargʻona vodiysi va mamlakatimizning boshqa viloyatlarini temir yoʻl transporti bilan uzviy bogʻlash, ichki turizmni rivojlantirish uchun qoʻshimcha 651/652-sonli “Andijon — Xiva — Andijon” yoʻlovchi poyezdi qatnovi 28-sentyabrdan yoʻlga qoʻyildi. Endilikda haftaning har payshanba kuni Andijondan harakatlanayotgan “Andijon — Buxoro” yoʻlovchi poyezdining harakat yoʻnalishi Xiva vokzaligacha uzaytirildi.
—2022-yilda korxonamizda 300 ta yoʻlovchi vagonni taʼmirlanishi rejalashtirilgan boʻlsa, shu kunga qadar ularning 200 dan ortigʻi bajarildi, — deydi “Toshkent yoʻlovchi vagonlarni qurish va taʼmirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyatining istiqbolli rivojlanish boʻyicha direktori Ozod Toʻrayev.—Yil yakuniga qadar yana 100 ta vagon taʼmirlanadi. Kelgusida esa ushbu zavod mamlakatimiz shaharlaro yoʻnalishlari uchun har oyda 20 ta yoʻlovchi vagonini taʼmirdan chiqaradi.
Bu yerda taʼmirlanayotgan kupe, plaskart, restoran hamda SV vagonlarining har biri soatiga 160 kilometr tezlikda harakatlanishga moslashtirilmoqda. Quvonarlisi, ushbu vagonlarning koʻp ehtiyot qismlari oʻzimizda, mahalliylashtirish dasturi asosida tayyorlanmoqda.
Bu vagonlar avvalgilaridan biroz farq qiladi. Ularning plaskart vagonlarida ham isitish va sovitish tizimi mavjud, havo aylanishi yanada yaxshilangan, suv isitish titanlari elektr energiyada ham, koʻmirda ham ishlashga moʻljallangan. Yoʻlovchilarni toza va salqin ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida shaffof suv qurilmasi, kam elektr sarf qiladigan zamonaviy “led” yoritgichlari hamda telefon quvvatini toʻldirish uchun maxsus moslamalar oʻrnatiladi. Vagon oynalari ham issiq va sovuqni, ortiqcha shovqinni oʻtkazmaydi. Ularga yangi va koʻrkam pardalar osiladi. Yumshoq va qulay oʻrindiqlar esa sifati va chidamliyligi bilan ajralib turadi. Har bir vagon yongʻin xavfsizligi moslamalari bilan toʻliq taʼminlandi.
Yana bir yangilik, zavodimizda yoʻlsozlar uchun uchastka yoʻlllarini taʼmirlash va nazorat qilishda zarur boʻladigan 1 ta maxsus (avtomatritsa) drezina vagoni ishlab chiqarildi. U sinovdan muvaffaqiyatli oʻtib, yaxshi natija koʻrsatsa, kelgusida xuddi shunday tipdagi vagonlarni tayyolashga ham kirishamiz.
Eʼtiborlisi, zavodda nafaqat mahalliy yoʻnalishlar uchun, balki eksportga ham yangi vagonlar qurilib, qoʻshni davlatlarga sotilmoqda. Misol uchun, joriy yilning shu kuniga qadar Qozogʻistonga uchta vagon joʻnatilgan boʻlsa, ayni paytda yana 8 ta vagon eksport qilishga hozirlanyapti. Ular 40 yil davomida ekspluatatsiya qilish uchun moʻljallangan va xalqaro talablarga toʻliq javob beradi, yoʻlovchilar uchun har tomonlama qulay, yuqori sifat va xavfsizlikga ega.
Raqamlarga koʻra, 2021-yilda mamlakatimiz temir yoʻllaridan foydalangan yoʻlovchilar soni 22 millionga yaqinlashib qoldi. Bu yil esa bu raqam yanada ortishi kutilmoqda. Shu bois Oʻzbekiston temir yoʻllari tizimida yoʻlovchi vagon parklarini sifatli va zamonaviy vagonlar bilan taʼminlashga katta ehtiyoj bor.
Sifatli va koʻrkam vagonlarimizga monand mamlakatimizning katta va kichik shaharlaridan oʻtgan temir yoʻl yoʻnalishlari boʻylab yangi va koʻrkam, kichik va mahobatli vokzallar ham qurilmoqda.
— Keyingi paytda 30 dan ortiq ana shunday manzillar yangicha qiyofaga ega boʻldi, deydi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining Kapital qurilish direksiyasi ishlab chiqarish boʻlimi muhandis-texnologi Shahzod Hayitjonov. — Ulardagi kutish zallari, ona va bola, tibbiyot, yuklarni saqlash xonalari, shinam mehmonxonalar hamda chiptaxonalar xalqaro talablar darajasiga keltirildi. Yoʻlovchilar xavfsizligi toʻliq taʼminlandi, chiptasiz yoʻlovchilarning vagonlarga chiqishiga chek qoʻyildi. Elektron koʻrsatkichlar, “Wi-fi” internet xizmatlari joriy qilindi. Vokzallar hududlarida qaytadan obodonlashtirildi, chiroyli favvoralar qurildi, manzarali daraxt va gul koʻchatlari ekildi.
Maʼlumki, oʻn milliondan ziyod aholi yashayotgan Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarining aholisi mamlakatimizning boshqa hududlariga zamonaviy tezyurar poyezdda borish imkoniyati yaratildi. Hozirda mazkur yoʻnalish orqali Toshkent – Andijon – Toshkent, Andijon – Buxoro – Andijon, Andijon – Xiva – Andijon yoʻlovchi poyezdlari harakatlanmoqda.
Davlatimiz rahbari yaqinda xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi sessiyasida Bekobod, Olmaliq, Chirchiq, Angren, Yangiyoʻl va Ohangaron shaharlariga zamonaviy elektropoyezd qatnovini yoʻlga qoʻyish vaqti kelganini taʼkidlab, transport vaziriga tegishli qaror loyihasini kiritish yuzasidan koʻrsatma bergan edi.
Prezidentimiz topshirigʻiga asosan, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yoʻlovchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida 2022-yil 24-sentyabrdan boshlab Toshkent – Chirchiq –Hojikent yoʻnalishi boʻylab shaharlararo tezyurar elektropoyezdlar qatnovi yoʻlga qoʻyildi. Bu, oʻz navbatida, Chirchiq shahriga sayohat vaqtini 45 daqiqagacha qisqartirdi.
Ayni paytda tezyurar poyezdlar har shanba va yakshanba kunlari qatnaydi. Yaqin kelajakda yangi va zamonaviy elektropoyezdlar sotib olinganidan soʻng, qatnovlar soni koʻpayadi va ish kunlari ham yoʻlvchilarga xizmat koʻrsatadi.
Joriy yilning 20-23-sentyabr kunlari Berlin shahrida boʻlib oʻtgan “InnoTrans 202” transport texnologiyalari, vositalari va tizimlari xalqaro savdo yarmarkasida ishtirok etgan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati delegatsiyaning asosiy maqsadi ham mamlakatimiz temir yoʻl transportida yoʻlovchilarga sifatli va xalqaro talablar darajasida xizmat koʻrsatadigan elektrorpoyezd va vagonlarga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻldi. Bu borada Fransiya, Avstriya, Chexiya, Germaniya, Ispaniya, Shvetsariyaning yirik nufuzli kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Bundan tashqari, bu kabi temir yoʻl texnikalarni bizning mamlakatimizda ham hamkorlikda ishlab chiqarishni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Muxtasar aytganda, temir yoʻl tizimining yoʻlovchi tashish sohasida olib borayotgan bunyodkorlik ishlari, joriy etayotgan yangiliklari yoʻlovchilar va sayohatchilarning uzogʻini yaqin qilish, ularga sifatli va zamonaviy xizmat koʻrsatishga qaratilganligi bilan yanada ahamiyatlidir.
Rustam HAYDAROV,
jurnalist