Institutdan maʼlum qilishlaricha, tahlil natijalariga koʻra 2022-yilning I choragida mamlakat miqyosida xizmat koʻrsatish sohasidagi oʻsish oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 15,9 foizni tashkil qilgan.

Fargʻona (20,1%), Jizzax (16,5%) viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi (18,3%) va Toshkent shahri (19,8%) da Respublika miqyosidagi koʻrsatkichga nisbatan yuqori natija qayd etildi. Andijon viloyati (6,9%) da nisbatan pastroq koʻrsatkichga erishildi.

Koʻrsatilgan xizmatlar hajmining aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan ulushi boʻyicha yuqori oʻrinlarni Toshkent, Navoiy, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahri egallagan. Bu borada Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari ulardan ancha ortda qolgan.

Tahlillar xizmatlar sohasining YAIM tarkibidagi ulushi joriy yilning I choragida 45,8 foizni tashkil etganini koʻrsatdi. Bu jihatdan mamlakatimiz hududlari orasida Namangan, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahrida yuqori natijalarga erishilgan.

Respublika miqyosida koʻrsatilgan xizmatlarning 23,1 foizi qishloq joylarining hissasiga toʻgʻri kelgan. Bu koʻrsatkich boʻyicha yuqori natijalar Toshkent, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm, Andijon, Fargʻona viloyatlarida qayd etilgan.