Taʼkidlanganidek, pandemiyaning salbiy taʼsiri koʻproq xizmatlar va servisga toʻgʻri kelgani bois ushbu sohadagi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun 24 ta turdagi soliq imtiyozlari, subsidiya va boshqa preferensiyalar taqdim etish orqali 35 trillion soʻmlik koʻmak berilgan.
Shuningdek, oʻtgan yili tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida xizmat sohasiga 1 trillion soʻm imtiyozli kredit resurslari ajratildi.
Qayd etilishicha, kuni kecha barcha viloyat hokimlari oʻz hududida xizmat koʻrsatish sohasidagi ahvol va mutasaddi rahbarlar masʼuliyatini tanqidiy muhokama qilgan. Natijada, oʻz vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan 27 rahbar lavozimidan ozod etilib, 54 nafariga intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgan.
– Xizmat koʻrsatish sohasiga 500 million dollar ajratyapmiz. Bu pandemiya sharoitida oz pul emas. Lekin Prezidentga yaxshi koʻrinaman, deb bu pullarni loyihasiz, samarasiz sarflab yuborish siyosatga xiyonat, – dedi davlatimiz rahbari hokimlarga qarata.