Nabiram Shohjahonga koʻkrak qafasi tugʻma girdobsimon deformotsiyasi Sh darajasi simmetrik formasi ogʻir sindromi tashxisi qoʻyilib, nafas yetishmovchiligi I-II darajasidan aziyat chekardi. Xalq qabulxonasi koʻmagida 2020-yili nabiramda jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi.
Hozir Shohjahonning sogʻligʻi yaxshi. U 5-sinfda oʻqiyapti. Kogon tumanidagi 1-maktab oʻqituvchilari uyga kelib, darslarni vaqtida oʻtyapti. Muallimlarning issiqni issiq, sovuqni sovuq demay, bitta nabiram uchun, uning savodli, oʻqimishli, bilimli inson boʻlishi uchun qatnab taʼlim berayotgan muallimlarni koʻrganimda xalqimiz “Ustoz otangdek ulugʻ” degan maqolni bilib aytganiga bot-bot iqror boʻlaman.
Yurtimizda inson qadrini ulugʻlashga qaratilayotgani eʼtiborning koʻlamini, miqyosini bilish uchun uzoqqa borish shart emas. Davlatimiz rahbarining xalqimizga gʻamxoʻrligi nabiramning salomatligini mustahkamlash, oʻz vaqtida bilim olishini taʼminlash misolida ham oʻzining isbotini topyapti. Biz kabi davlat koʻmagini olayotgan, mehr tuyayotgan oilalar Oʻzbekistonda kam emas. Buning uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.
Oʻzi dunyoda oʻqituvchilikday zahmattalab, masʼuliyatli, ogʻir kasb dunyoda kam. Xalqning bolalarini oʻqitish uchun bilimiga qoʻshib qalb qoʻrini, kerak boʻlsa, oʻz farzandlariga berolmagan mehrini beradi. Buning ustiga hamma qatori maktabga kelib oʻqishga salomatligi yoʻl qoʻymaydigan oʻquvchisining xonadoniga borib bilim berish ikki karra jasoratdir.
Ularning xizmatini hech narsa bilan oʻlchab, baholab boʻlmaydi. Shu bois 1-oktyabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni arafasida nabiram orqali oilamizga ezgulik, ziyo olib kirayotgan bir guruh muallimlarga minnatdorlik bildirishga oʻzimni burchli his etdim.
Jumladan, 1-umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori Husniddin Najmiddinov, nabiramning birinchi muallim Malika Toshova, oʻqituvchilari Muazzam Shahriyeva, Nodira Majidova, Gulzoda Ibragimova, Dilfuza Temirova, Nigina Husenova, Toʻxtamurod Aliyev, Aziza Quvvatova, Sarvinoz Xalilova, Nargiza Barotova, Yulduz Rahmatova, Qarshigʻay Xudayberganova, Shoiraoy Malikova, Dildora Qaxhorova, Dildora Murodova, Xurshida Rahimova hamda maktab shifokoriga tashakkur aytaman.
Barchangizga cheksiz hurmat bilan
Buxoro viloyati Kogon tumani
Bahouddin Naqshband MFY
Usmonobod qishlogʻi 6-uyda yashovchi
Sharofat ROʻZIYEVA