«Oʻzbekiston fuqarolarining Buyuk Britaniyaga xavfsiz migratsiyasi» loyihasi doirasida Markaziy bank tomonidan Xalqaro migratsiya tashkiloti va Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan birgalikda mavsumiy bandlik dasturlari boʻyicha ishga ketayotgan 150 nafar mehnat migrantlari uchun moliyaviy savodxonlik boʻyicha treninglar oʻtkazildi.
Taʼlim tadbirlarini oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston va Buyuk Britaniyada moliyaviy savodxonlik, shuningdek, shaxsiy moliyani boshqarish boʻyicha maxsus taʼlim dasturi va ixtisoslashtirilgan oʻquv qoʻllanmalari ishlab chiqildi.
Tadbir davomida chet eldan qaytgan migrantlar oʻz tadbirkorligini rivojlantirish uchun mavjud imkoniyatlarga, jumladan, oʻzini-oʻzi band qilishda yaratilgan mikromoliyaviy xizmatlar, imtiyozli kreditlash dasturlari kabi mavzularga alohida eʼtibor qaratildi, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.