“Xojatbaror” o‘qituvchi

    Xavfsizlik 7 Iyul 2020 1902

    Sir emaski, oliy oʻquv yurtlariga kirish imtihonlari yaqinlashgani sari oʻzini “hojatbaror” qiyofasiga kirib olgan kimsalar paydo boʻladi. Ularning orasida taʼlim tizimida mehnat qilayotganlar ham uchrab turgani achinarli.

    Joriy yilning 2-iyun kuni Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentning Norin tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda yana bir “hojatbaror” oʻqituvchining qilmishi fosh etildi.

    Maʼlum boʻlishicha, Norin tumani Qoʻshariq mahallasida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, shartli ravishda ismi oʻzgartirilgan «Umidjon» degan shaxs oʻgʻlini Namangan Davlat Universitetiga ishlovchi tanishlari orqali oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 3000 AQSH dollari talab qilayotganini bildirib, qonuniy chora koʻrishni soʻraydi.

    Fuqaroning ushbu arizasini tekshirish maqsadida shu kuni Departamentning viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahar Lola koʻchasida joylashgan oʻquv markazi binosi ichida «Umidjon» 2500 AQSH dollari va 5 mln soʻm pullarni qoʻlga kiritgan vaqtda ushlangan. Olib borilgan dastlabki surishtiruvda Umidjon Namangan Davlat Universiteti qoshidagi akademik litsey oʻqituvchisi boʻlib chiqdi.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Departamentning Namangan viloyat boshqarmasi