Xo‘sh, aslida bunday “aptechka”lardan qaysi dorilar o‘rin olishi kerak? Ularni saqlash qoidalari qanday? Preparatlardan o‘zboshimchalik bilan foydalanish qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin?

“Dori vositalari, tibbiy buyum, ekspertiza standartlashtirish davlat markazi” DUK Farmokologik nazorat bo‘limi yetakchi mutaxassisi Ravshan Abdullayev shu haqdagi tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi. 

— Dorilarning resept asosida va reseptsiz beriladigan turlari bor, — deydi mutaxassis. — Birinchi turdagi preparatlar uchun, albatta, shifokor resepti talab etiladi. Ulardan tibbiyot xodimining tavsiyasi bilangina foydalanish va uy sharoitida saqlash mumkin. 

Shifokor tavsiya qilgan jarohatga qarshi, isitma tushiruvchi, og‘riq qoldiruvchi dorilarning reseptsiz beriladigan turlari esa albatta, “xonadon dori qutisi”da bo‘lishi maqsadga muvofiq. 

Biroq ba’zi ota-onalar farzandlari shamollab qolsa, darhol dorixonaga yugurib, o‘zboshimchalik bilan bolasiga antibiotik yoki boshqa turli preparatlarni beradi. Yoki tibbiyotdan yaxshi xabardor bo‘lmagan qo‘shnisini chaqirib, analgin, dimedrol, novokain qo‘shib mazkur aralashmani isitma tushirishda qo‘llaydi.

Vaholanki, har bir dori vositasidan foydalanish yo‘riqnomasi va qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar bor. Preparatlarni qabul qilish vaqti va dozalarini shifokor belgilib berishi shart. 

Afsuski, bu talablarga to‘liq amal qilinmasligi bemorlarning umumiy holati yanada og‘irlashishiga olib keladi. 

Ayniqsa, parenteral, mushak va vena ichiga yuboriladigan antibaktirial dorilarni hech qachon uy sharoitida qabul qilish mumkin emas! Shuningdek, dorixona mutaxassisi tavsiyasi bilangina xarid qilingan preparatlardan ham shifokor maslahatisiz foydalanmaslik kerak. 

Bundan tashqari, har bir dori uning yo‘riqnomasida ko‘rsatilgan harorat va muhitda saqlanishi shart. Qolaversa, yaroqlilik muddati o‘tgan dorilarni ichish nojo‘ya ta’sirlar va og‘ir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. 

Agar doridan zaharlanish holati kuzatilsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak. Chunki bu holat, buyrak, jigar, o‘pka, yurak faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, hatto o‘lim holatiga olib kelishi mumkin. 

Yurtimizda “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalari oqibatida bolalar o‘limi yuz berishi bu borada ehtiyotkorlik, shifokor tavsiyasi naqadar muhim ekanligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali takror-takror ogohlantirilishiga qaramay, ba’zi ota-onalar tomonidan uy sharoitida hanuz ushbu preparatlardan foydalanish holatlari uchrayotgani afsuslanarlidir.  

Shunday ekan, yurtdoshlarimizdan uy sharoitida davolanmaslik, "xonadon dori qutisi"dagi preparatlarni saqlash qoidalariga qat’iy rioya qilish hamda muddati o‘tgan dorilardan foydalanmaslikni so‘raymiz, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotda.