Jumladan, viloyatda joriy yil oʻzida tadbirkorlarning oʻz mablagʻlari hisobidan 1 514 ta xonadonga moʻljallab barpo etilgan uy-joylar aholi ehtiyoji uchun foydalanishga topshiriladi.
Qurilish va kommunal sohalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish orqali aholi turmush sharoitini yaxshilash, munosib hayot tarzini yaratib berishga qaratilgan islohotlar bois, xalqimiz bugungi kunidan mamnun, oʻz uy-joyiga, zamonaviy turmush sharoitlariga ega boʻlmoqda, xonadonlarga farovonlik, obodlik kirib bormoqda.
Ayniqsa, qurilish ishlariga yangicha yondashuvlar aholiga qator qoʻshimcha qulayliklar yaratilishida muhim omil boʻlmoqda. Yurtimiz boʻylab yangicha yondashuv asosida uy-joylar qurilishiga kirishilgani aholining uy-joyga ehtiyojini qanoatlantirish bilan birga, qishloqlarda ham shahardagidek sharoitlar yaratish imkonini bermoqda. Uylar bilan birga muhandislik va yoʻl infratuzilmasi, ijtimoiy soha obyektlari, xizmat va servis obyektlari ham qurilmoqda.
Hozir viloyatning Karmana va Qiziltepa tumanlaridagi “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 620 xonadonli 26 ta uy-joy, 1 ta maktab, 2 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, 2 ta oilaviy poliklinika va uy-joylarning birinchi qavatida turli xizmat koʻrsatish va servis obyektlari barpo etilishi yakunlanmoqda. Ushbu xonadonlar subsidiya asosida berilayotganidan xalqimiz mamnun.
Aholini ichimlik suv bilan taʼminlash masalasi alohida eʼtiborda. Jumladan, joriy yilda toza ichimlik suv taʼminotini yaxshilash maqsadida davlat dasturlari va boshqa manbalar hisobidan jami 200 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilishi belgilangan. 801,8 kilometr uzunlikdagi ichimlik suv quvuri tortish hamda 15 ta suv inshootida qurilish-taʼmirlash ishlari rejalashtirilgan. Bugungi kunga qadar 430,3 kilometrdan ortiq yangi ichimlik suv quvuri tortilib, 14 kilometrga yaqini taʼmirlandi. Shuningdek, 15 ta suv inshootida qurilish-taʼmirlash ishlari bajarimoqda.
Bundan tashqari, yil yakuniga qadar 371,5 kilometr yangi ichimlik suv quvuri tortilib, 15 ta suv inshootidagi qurilish-taʼmirlash ishlari yakuniga yetkaziladi. Natijada 48 ta mahalladagi 56,3 mingdan ortiq aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanadi, 29 ta mahalladagi 74,4 ming aholining ichimlik suv taʼminoti yanada yaxshilanadi. Bu ishlar yakunlangach, aholining markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasi joriy 76 foizdan 81,5 foizga yetkaziladi.
Xatirchi tumanidagi Chechak ota mahallasida ham aholini uzoq yillar qiynab kelgan ichimlik suv muammosi barham topdi. Obihayot bugun fuqarolar xonadonigacha kirib bordi.
— Mahallamizda har tomonlama oʻzgarishlar, obodlik kishi koʻzini quvontiradi. Yoʻllarimiz taʼmirlandi, yangi binolar qad koʻtardi. Ayniqsa, ichimlik suv necha yillik muammomiz edi. Mahallamiz shu masalada juda qiynalardi. Hozir esa toza ichimlik suvi xonadonimizgacha olib kirib berildi. Inson qadri, deganlari shu emasmi? Mahalladoshlarimiz quvonchini taʼriflashga tilim ojiz. Hozir mahallamizda aytarli muammo yoʻq. Taʼlim maskanlari, maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari — barchasi ishlab turibdi. Yashash uchun barcha sharoit bor, — deydi Chechak ota mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Eshpoʻlat Jumayev.
“Yoʻl qurgan elda aziz”, degan hikmat bor. Bugun ana shunday aziz insonlar — yoʻlsozlarning tinimsiz mehnati evaziga viloyatda yoʻllar yanada ravon, manzillar yaqin boʻlmoqda. Hududlarda mahalliy va ichki yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
2023-yilning oʻtgan davrida viloyatda barcha dasturlar doirasida yoʻl taʼmiri uchun 248 milliard soʻm ajratildi hamda 568,4 kilometr avtomobil yoʻli, shaharlar va boshqa aholi punktlari koʻchalari taʼmirlandi. Shundan 314 kilometrini asfalt, 29 kilometrini sementbeton va 225,4 kilometrini shagʻal yoʻllar tashkil etadi.
Shuningdek, mahalliy hokimliklar, sektor rahbarlari, shahar, tuman Xalq qabulxonalari hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida tegishli korxonalarning maxsus texnika vositalari jalb etilgan holda hashar yoʻli bilan dasturlarda koʻzda tutilmagan 40 dan ortiq mahalla va qishloq aholi punktidagi 105 kilometr tuproq yoʻlga shagʻal yotqizildi. Joriy yil yakuniga qadar 211 milliard soʻm hisobiga yana 213 kilometr avtomobil yoʻlida rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari bajarildi.
Aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash masalasi ham doimo eʼtiborda. Jumladan, joriy yilda 1 399,7 km elektr uzatish tarmogʻi, 8 ta podstansiya, 365 ta transformator punktida mukammal hamda 3 229,6 kilometr elektr uzatish tarmogʻi, 62 ta podstansiya, 909 ta transformator punktida joriy taʼmirlash ishlari rejalashtirilgan.
— Shu kungacha 980,2 kilometr elektr uzatish tarmogʻi va 255 ta transformator punkti mukammal hamda 1274,6 kilometr elektr uzatish tarmogʻi, 351 ta transformator punkti joriy taʼmirlandi. Yil yakuniga qadar yana 419,5 kilometr elektr uzatish tarmogʻi, 110 ta transformator punkti va 8 ta podstansiya mukammal hamda 1955 kilometr elektr uzatish tarmogʻi, 558 ta transformator punkti, 62 ta podstansiyada shunday ishlar bajariladi. Natijada 178 ta mahalladagi 22,5 ming xonadon hamda 3,5 mingdan ortiq ulgurji isteʼmolchining elektr taʼminoti yanada yaxshilanadi, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Navoiy hududiy filiali direktori Bobur Islomov.
Bunday ezgu ishlar mamlakatimiz chiroyiga chiroy qoʻshish bilan birga yurtdoshlarimizning kayfiyati, turmush darajasi, dunyoqarashini oʻzgartiib, bugungi hayotdan rozilik, ertangi kunga mustahkam ishonchni yanada kuchaytirmoqda.
Gʻolib ABDUSALOMOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri