Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida ayrim AGTKS, AGQS va AYoQShlar faoliyati to‘xtatildi

    Turizm 10 Dekabr 2021 1030

    AGTKS, AGQS va AYoQShlarda aholi hamda turistlarga sifatli xizmat ko‘rsatilishini monitoring qilish maqsadida tuzilgan Respublika ishchi guruhi Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida o‘rganish ishlarini olib bordi.

    Xususan, AGTKS, AGQS va AYoQShlarda sanitariya-gigiena shoxobchalarini jihozlash va mavjudligini o‘rganish hamda monitoring qilishni tashkil etish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tarkibidagi Turizm va sport vazirligi vakillari yuqorida qayd etilgan viloyatlardagi holat bilan tanishib chiqdi.

    Jamoat maqsadlariga mo‘ljallangan va kecha-kunduz ishlaydigan, sanitariya va shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga javob beradigan sanitariya-gigiena shoxobchalari bilan jihozlanmagan AGTKS, AGQS va AYoQShlarning faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan. Tashkil etilgan respublika va hududiy ishchi guruhlari tomonidan aholi hamda turistlar uchun qo‘shimcha qulay sharoitlarni yaratish, iste'molchilar huquqlari himoya qilinishini ta'minlash, gaz quyish stansiyalari va avtomobillarga yoqilg‘i quyish stansiyalarini zamonaviy talablarga mos tarzda jihozlash va moslashtirilishi borasida ko‘rsatmalar berildi.

    Jumladan, Turizm va sport vazirligi tomonidan Buxoro viloyatining Buxoro, Romitan, Peshku hamda Vobkent tumanlaridagi 10 ta yoqilgi quyish shoxobchalarini ko‘zdan kechirildi hamda ishchi guruh faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

    Shuningdek, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida Peshku tumanining Ibn Sino MFY'da yangi ishga tushgan «Sultonali servis 2012» MChJga tegishli AYoQShda 10 tupdan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish ishlari tashkil etildi.

    Undan tashqari, Navoiy viloyati Navoiy shahri, Karmana, Qiziltepa tumanlari bo‘ylab olib borilgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.

    So‘ngra AGTKS, AGQS va AYoQShlar holatini o‘rganish Xorazm viloyatining Urganch shahri, Urganch tumani, Qo‘shko‘pir tumani, Shovot, Xiva, Yangiariq va Xonqa tumanlari hamda Xiva shahri bo‘ylab davom ettirildi.

    Monitoring yakunlari bo‘yicha Buxoro viloyatida – 4 ta, Navoiy viloyatida – 6 ta va Xorazm viloyatida – 5 ta AGTKS, AGQS va AYoQShlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

    AGTKS, AGQS va AYoQShlari loyiha-smeta hujjatlarida ayrim xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, mas'ul shaxslarga me'yoriy hujjatlar bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar va takliflar berildi.

    Shuningdek, har bir viloyat kesimida faoliyatini namunaviy tarzda yo‘lga qo‘ygan eng yaxshi AGTKS, AGQS va AYoQSh sanitariya-gigiena shoxobchasi aniqlandi. Ularga Turizm va sport vazirligining tashabbusi bilan «Quality Servise» sertifikati taqdim etildi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.