Tashrifning birinchi kunida Xorazm viloyati delegatsiyasining Atirau viloyati akimi Serik Shapkenov bilan uchrashuvi tashkil etildi. Unda oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik sanoatida hamkorlik istiqbollari yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Xususan, Xorazm viloyati delegatsiyasining Atirau viloyatiga qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha bildirgan tijorat takliflari, shuningdek, Atirau viloyatida Xorazm viloyatining savdo uyini ochish va viloyatda qoʻshma issiqxona kompleksini tashkil etish tashabbuslari Atirau viloyati akimi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

“Atameken” Qozogʻiston tadbirkorlar milliy palatasi Atirau viloyati boʻlimida oʻtkazilgan uchrashuvda “Atameken” Qozogʻiston Respublikasi tadbirkorlar milliy palatasi Atirau viloyati boʻlimi direktori Nurlan Suyunbayev, viloyatning davlat tushumlari departamenti, favqulodda vaziyatlar departamenti, davlat arxitektura va qurilish boshqarmasi, Qozogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi agrosanoat kompleksidagi davlat inspeksiyasi qoʻmitasining hududiy inspeksiyasi vakillari, shu bilan birga, viloyatdagi “Ideal”, “Lider”, “Yarmarka” va “Marko” kabi yirik savdo markazlari rahbarlari ishtirok etdi.

Xorazm viloyatining qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti salohiyati va Atirau viloyatidagi savdo markazlarining ushbu mahsulotlarga boʻlgan ehtiyoji yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.

Uchrashuv soʻnggida Xorazm viloyatining “Agro Land Max” FX va Atirau viloyatining “Asыl Arba” MCHJ oʻrtasida Atirau viloyatiga 1 million 27 ming dollar qiymatdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha shartnoma imzolandi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.