Xorazm viloyatida aloqa kabelini uzib yuborgan fuqaroga maʼmuriy chora koʻrildi

    Raqamlashtirish 25 Noyabr 2020 534

    2020-yil oktyabr oyida Xiva tumani, “Eski qiyot” mahallasi hududida jismoniy shaxs tomonidan yer qazish ishlarini olib borish jarayonida ushbu hududdan oʻtgan “Oʻzbektelekom” AK Xorazm filiali Urganch – Xiva tumanlararo zonaichi magistral optik tolali aloqa kabelini uzib yuborilgan.

    Ushbu aloqa liniyasi aylanma kanallar orqali zaxiralanganligi sababli aloqada toʻxtash va xizmatlar sifatining yomonlashishi holatlari kuzatilmagan.

    “Oʻzkomnazorat” Xorazm viloyati hududiy inspeksiyasi ushbu huquqbuzarlik sabablarini oʻrganib chiqib, kabelni uzib yuborgan fuqaroga “Telekommunikatsiya liniyalari va inshootlarini muhofaza qilish qoidalari”da belgilangan talablarni buzganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi Kodeksining 154-moddasi 1-qismiga asosan maʼmuriy ish ochdi.

    Jismoniy shaxsga nisbatan noyabr oyida tegishli qaror bilan maʼmuriy jarima jazosi tayinlangan. Shuningdek, huquqbuzar “Oʻzbektelekom” AK Xorazm filialiga yetkazilgan zararni toʻliq qoplab bergan.