Ochiq muloqot hududga xos boʻlgan muammolarni aniqlash imkonini berdi. Ularning yechimini topish investitsiyalar oqimini oshirish, sanoatni rivojlantirish va eksport salohiyatini yuksaltirish uchun zarurdir. Bildirilgan barcha masalalar atroflicha tahlil qilinib, ularni hal etish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi hamda tegishli vazirlik, idora, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlariga koʻrsatmalar berildi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlarning ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha konstruktiv takliflari har tomonlama koʻrib chiqildi. Investitsiya loyihalari tashabbuskorlari va eksportchilarni tijorat banklari tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytirish, yer uchastkalari, boʻsh turgan bino va inshootlar olish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish, ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur boʻlgan turli sertifikat va ruxsatnomalar olish, shuningdek, boshqa dolzarb masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari bu kabi oʻzaro munosabatlar shaklini olqishlab, hukumat vakillari va biznes oʻrtasidagi doimiy muloqot ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish hamda barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlashning muhim omili ekanligini taʼkidladilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.