Qayd etilishicha, 2021-yilda viloyatga jami 558,5 ming nafar turist tashrif buyurgan. Shundan 520,8 ming nafar mahalliy sayyoh va 37,6 ming nafari xorijiy sayyohlarni tashkil qiladi.
«Urganch shahrida mahalliy va xorijiy sayyohlarga sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida Pahlavon Mahmud koʻchasida gastronomik koʻcha tashkil qilinib, yangi restoran hamda kafelarda 200 ta ish oʻrni yaratdik. Bundan tashqari, Yangiariq tumanida barpo etilgan kulolchilik markazi sayyohlarni jalb qiladigan maskanlardan biriga aylandi.
Xiva shahridagi 4,5 kilometr uzunlikdagi Alleya qurilishi jadal surʼatlarda olib borilmoqda. Shu bilan bir qatorda, viloyatda ichki turizmni rivojlantirish borasida mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmayotganini taʼkidlab oʻtish lozim», — dedi Farhod Ermanov.
Viloyat hokimining soʻzlariga koʻra, ekoturizmni rivojlantirish boʻyicha Urganch tumani Yuqori Doʻrman qishlogʻida 2,6 gektar maydonga 1,5 milliard soʻmlik, Gurlan tumani Vazir qishlogʻida 5 gektar maydonga 800 million soʻmlik, Xiva tumanida 40 gektar maydonda 4 milliard soʻmlik investitsiya jalb qilinishi belgilangan.