Yigʻilishda viloyatning tuman va shaharlarida investitsiyalarni ragʻbatlantirish, sanoatni rivojlantirish hamda eksport salohiyatini oshirishning yangi tizimini joriy etishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Joylarda iqtisodiy salohiyatni oʻrganish, istiqbolli yuqori daromadli loyihalarni ishlab chiqish, loyihaviy boshqaruv, tadbirkorlar bilan ishlash va ishga tushirilgan ishlab chiqarish obyektlari faoliyatini monitoring qilishning yangi usullari koʻrib chiqildi.

Taʼkidlandiki, yangi tizimga muvofiq, viloyatda amalga oshirilayotgan har bir loyihaga masʼul xodim — “Loyiha menedjeri” biriktirilishi koʻzda tutilgan. Uning vazifalari loyiha tashabbuskorlariga biznes – reja va loyiha hujjatlarini tayyorlash, yer uchastkalarini olish va moliyalashtirish masalalarini hal etish, muhandislik kommunikatsiyalariga ulanish, loyihani amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash va yuzaga kelayotgan masalalarni hal qilishda koʻmaklashishdan iborat boʻladi. “Loyiha menedjerlari” faoliyatining samaradorligini baholash ishlab chiqilgan mezonlar tizimi asosida amalga oshiriladi.

Viloyat tuman va shaharlarining bugungi ijtimoiy-iqtisodiy holatini oʻrganish, mavjud “oʻsish nuqtalari”ni ishga solib aholi hayot sifatini yaxshilash va uning bandligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan harakatlarni faollashtirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Yigʻilish ishtirokchilari joylarda orttirgan tajriba almashib, amaliyotda roʻy berayotgan muammoli masalalar bilan oʻrtoqlashdi. Har bir tilga olingan holat yuzasidan vazirliklar, idoralar, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlari ishtirokida ish olib borildi hamda aniqlangan muammolarni hal etish boʻyicha tezkor chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Shuningdek, Vazirlikning Xorazm viloyatidagi tuman va shahar boʻlinmalari xodimlari mahalliy tadbirkorlar bilan ishlash jarayonida shakllangan koʻnikmalardan samarali foydalanish boʻyicha manzilli topshiriq va koʻrsatmalar oldi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.