Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Xorazmda 9-sinf oʻquvchilari sholi oʻrimiga jalb qilindi” sarlavhali xabar tarqalgandi.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi murojaatiga asosan Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi hamda Bosh prokuratura tomonidan holat joyida oʻrganildi.
Oʻrganish davomida Qoʻshkoʻpir tumanidagi 19-maktabning 9-“a”sinfi bir guruh oʻquvchilari, ularning ota-onalari, maktab maʼmuriyati va fermer xoʻjaligi rahbari bilan suhbat oʻtkazildi va belgilangan tartibda rasmiylashtirildi.
Suhbat davomida 19-maktabning 9-“a”sinfi bir guruh oʻquvchilari tumandagi “Durdona” mahallasida joylashgan “Ibrohim baliqchi” fermer xoʻjaligiga tegishli sholi dalasida dars mashgʻulotlaridan soʻng ushbu xoʻjalik rahbarining taklifiga asosan, maʼlum bir haq evaziga dalada oʻrilgan sholini toʻplash ishlarini bajarishga jalb qilinganligi aniqlandi.
Shu bilan birga, maktab maʼmuriyatining ushbu oʻquvchilarni sholi oʻrimiga majburiy jalb qilinishi holati oʻz tasdigʻini topmadi.
Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan Qoʻshkoʻpir tumani “Ibrohim baliqchi” fermer xoʻjaligi rahbari tomonidan voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan mehnat qonunchiligi va bolalar mehnatidan ularning sogʻligʻiga, xavfsizligiga yoki ahloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan ishlarda foydalanganligi holati Qoʻshkoʻpir tuman sudida koʻrib chiqildi.
Sud qarori bilan fermerga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 49-moddasi 3-qismi va 491-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.