Pahlavon Mahmud - ulugʻ shoir va mutafakkir. U 1247-yil Xivada tugʻilgan. Afsona va rivoyatlarda uni kuragi yerga tegmagan pahlavon, shu bilan birga, poʻstindoʻz va telpakdoʻz usta boʻlganligi tasvirlanadi. Pahlavon Mahmud “Kanzul haqoyiq” (“Haqiqatlar xazinasi”) nomli masnaviy hamda koʻplab ruboiylar yaratgan. Shoir oʻz ruboiylarini fors-tojik tilida yozgan.
“Oʻzbekkino” MA tarkibida tuzilgan ishchi guruh Pahlavon Mahmud xaqida badiiy film hamda hujjatli filmni suratga olish ishlarini boshlash uchun vohada amalga oshirilayotgan islohotlarni oʻrganib, Xorazm viloyatidagi diqqatga sazovor joylarni koʻrishdi. Bugungi kunda namunaviy talablarga javob beradigan tarzda rekonstruksiya qilinayotgan “Xudoybergan Devonov” kinoteatri faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi. Tez kunlarda mazkur kinoteatrning ochilishi boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.
Badiiy filmda Xorazm vohasining oʻziga xos qadimiy urf-odatlarini koʻrsatib berish bilan bir qatorda oʻsha davrga xos milliy kiyim-kechaklar, qurol-aslahalar bazasi aks ettiriladi. Pahlavon Mahmud hayotini koʻrsatish bilan birga, ming asrlardan buyon oʻz tarixini saqlab qola olgan koʻhna Xiva bilan bogʻliq milliy va qadimiy obidalar, yurt bagʻrida yetishib chiqqan faylasuflar ijodi haqida hikoya qilinadi.
Pahlavon Mahmud haqidagi badiiy film postanovkachi rejissyori Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Hamidulla Hasanov, ssenariy mualliflari Anvar Ergashev, Yuliya Medvedovskaya va Jasur Mahmudov, postanovkachi operator Habibulla Hasanov, rassom Nigʻmat Joʻrayev.
Hozirda filmlarning suratga olish ishlariga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Premyera 2021-yilning sentyabr oyida namoyish etilishi koʻzda tutilgan.