Davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan boʻlib oʻtgan ochiq muloqotidan soʻng Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Fargʻona, Buxoro va Toshkent viloyatlarida sogʻlomlashtirish aksiyalari oʻtkazilib kelinayotgan edi. Endi esa ushbu samarali mexanizm boshqa hududlarda ham hayotga tatbiq etilyapti.

Sogʻliqni saqlash vazirligi markaziy apparati jamoasi, ixtisoslashtirilgan markazlar mutaxassislari va tibbiyot oliy oʻquv yurtlari professor-shifokorlari, jami 150 nafardan ortiq yetakchi mutaxassislar shu kunlarda yurtimizning yana bir olis manzili — Xorazm viloyatida boʻlib turibdi.

Bu yerda boshlangan sogʻlomlashtirish aksiyasi orqali, avvalo, mahalliy aholini chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, ularda aniqlangan kasalliklar boʻyicha hududlar kesimida bemorlar roʻyxatini shakllantirish maqsad qilingan.

Shundan soʻng xastalikka chalinganlar ogʻirlik darajasi boʻyicha tasniflanib, yuqori texnologik amaliyotlarga muhtoj toifa Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan operatsiyaga tavsiya etilyapti.

Ayni paytda viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizimida jami 170 ta tibbiyot muassasasi faoliyat koʻrsatmoqda. Shundan 13 tasi koʻp tarmoqli markaziy poliklinika, 71 ta oilaviy poliklinika, 26 ta oilaviy shifokor punktidir.

Shuningdek, 29 ta statsionar davolash mussasasi aholi xizmatida. Viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat bolalar stomatologiya poliklinikasi hamda 11 ta tuman tibbiyot birlashmasining bolalar boʻlimlari kichik yoshli bemorlar salomatligini tiklashga masʼul.

Ularda tibbiy xizmat sifati va qamrovi yil sayin oshib borayotgani, albatta, ijobiy holat. Lekin tizimda hali oʻz yechimini kutayotgan masalalar ham kam emas.

Xususan, Xorazm viloyati Orolboʻyi mintaqasi hududida joylashgani bois vohadagi ekologik muammolar aholi salomatligiga oʻz salbiy taʼsirini koʻrsatmay qolmayapti.

Bugun mazkur viloyatda yashovchilarning 25,2 foizi surunkali kasalliklar bilan dispanser nazoratida turadi. Bu koʻrsatkich 2021-yilda 28,6 foiz, 2020-yilda 29,8 foiz va 2019-yilda 31,8 foizni tashkil qilganini hisobga olsak, pasayish dinamikasi qayd etilayotgani eʼtiborga molik jihat.

Ammo yurtimizda tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, kadrlar salohiyati oshirilayotgan, zamonaviy ilm-fan yutuqlari va innovatsion yondashuvlar, ilgʻor texnologiyalar sohaga keng tatbiq etilayotgan bir paytda bu natijalardan qoniqish hosil qilib boʻlmaydi.

Shundan kelib chiqib, aksiya davomida bunday oʻtkir muammolarni tizimli va manzilli hal etish choralari koʻrilmoqda. Jumladan, birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari faoliyatini yaxshilash, olis va chegara tumanlar aholisining sohaga doir muammolariga ijobiy yechim topish koʻzda tutilgan.

Oʻz navbatida, poytaxtdan kelgan yetakchi shifokorlar joylarda “xonadonbay” tamoyili asosida koʻp tarqalgan kasalliklar balansini yaratishga koʻmaklashmoqda. Oʻz navbatida, fuqarolar oʻrtasida tibbiy targʻibot tadbirlari oʻtkazilyapti. Sogʻlomlashtirish aksiyasi doirasida viloyatning bir qator tumanlarida sayyor tibbiy qabullar tashkil etilishi ham rejalashtirilgan, deya xabar bermoqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.