Xorazmda yangi elektr stansiyasi qurilishi jadal sur'atlarda olib borilmoqda

    Prezidentimiz yaqinda o'tkazgan videoselektor yig'ilishida 2025 yilgacha 8 ming megavayt quvvatli muqobil energiyaga asoslangan elektr stantsiyalari qurish, bu yangi korxonalar uchun malakali muhandis va texnik xodimlarini tayyorlash masalasini kun tartibiga qo'ygan edi. Muqaddam aynan shunday quvvatli shamol va quyosh elektr stanitsiyalarini 2030 yilgacha barpo etish rejalashtirilgandi.

    Vaqt kutib turmaydi. Hududlarda sanoat korxonalari soni kun sayin ko'payayotgani, aholining elektr iste'moli oshayotgani belgilangan rejani ikki karra qisqa fursatlarda bajarishni taqozo etmoqda.

    Prezidentimiz tashabbusi bilan Xorazm aholisi hamda sanoat korxonalarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida Yangiariq tumanida gaz-porshenli elektr stanitsiyasi qurilishi boshlangandi. “ODAS Enerji CA” MCHJga shaklidagi xorijiy korxona tomonidan yangi elektr stantsiyasini qurish ishlari jadallik bilan davom ettirilmoqda.

    Qiymati 105 million AQSH dollarini tashkil qiladigan bu yangi elektr stantsiyasining quvvati 174 megavatt bo'lib, viloyatning kamida to'rtta tumanini uzluksiz elektr bilan ta'minlay oladi.

    Turkiyalik hamkorlar barpo etayotgan elektr stansiyasida 300 ta yangi ish o'rni ham yaratiladi.

    Yangi elektr stansiyasini 2022 yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

    Ro'zimboy Hasan,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri.