Xorazmdagi harbiy qismda kapital taʼmirdan chiqqan obyektlar foydalanishga topshirildi

    Harbiy 7 Yanvar 2022 2780

    Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi safarbarlik chaqiruvi rezervi batalyonida kapital taʼmirdan chiqqan bir qator bino va inshootlar tantanali tarzda foydalanishga topshirildi.

    Binolarni foydalanishga topshirish tadbirida soʻzga chiqqanlar tomonidan oxirgi besh yilda mamlakatimizda barcha tarmoqlar singari harbiy sohaga ham eʼtibor koʻpayib borayotgani, harbiy xizmatchilarning jangovar-xizmat faoliyati bilan shugʻullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani, harbiy obyektlarning qurilishi keng koʻlamda olib borilayotgani eʼtirof etildi. Darvoqe, soʻnggi yillar mobaynida olib borilgan koʻlamli ishlar natijasida bugun Qurolli Kuchlarimizning jangovar qobiliyatini bir necha barobarga oshirishga, xalqaro maydonlardagi harbiy musobaqalarda yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritishga erishildi.

    2020-yilda ushbu harbiy qismda yangitdan barpo etilgan 250 oʻrinli askarlar yotoqxonasi hamda bir vaqtning oʻzida 490 kishiga xizmat koʻrsatish qudratiga ega boʻlgan sanitar tizim binolari va isitish tizimi foydalanishga topshirilgan edi.

    2021-yilda Mudofaa vazirligi tomonidan ajratilgan mablagʻlar evaziga bu safar 16 ta oʻquv sinflaridan iborat boʻlgan 2 ta oʻquv binosi, 200 oʻrinli 2 ta yotoqxona, sport zali, shtab binosi hamda suv nasos stansiyasi kapital taʼmirlanib, zamonaviy mebel jihozlari va oʻquv-moddiy baza bilan takomillashtirilib, bayramga tuhfa sifatida foydalanishga topshirildi. Shuningdek bu yerda zamonaviy trenajyor va anjomlar bilan butlangan sport zali kitob fondiga boy boʻlgan kutubxona ham bor.

    Shonli tariximiz, buyuk ajdodlarimizning harbiy ilm sirlaridan soʻzlovchi Amir Temur va Jaloliddin Manguberdi sinfxonalari endilikda bu yerda tahsil olayotgan chaqiriluvchilarni vatanparvarlik ruhida tayyorlash, ularga buyuk tariximizni oʻrgatishga xizmat qiladi.

    Taʼkidlash joizki, 2003-yilda Oʻzbekiston armiyasida yangi harbiy xizmat turi sifatida joriy etilgan Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat ish-joyidan, oʻqishidan uzilmasdan harbiy xizmatni oʻtash imkoni borligi bilan yurtdoshlarimizga manzur boʻlmoqda.

    “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq, muddatli harbiy xizmatni oʻtashga yaroqli, harbiy xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega boʻlmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga muddatli harbiy xizmatga chaqirilmagan shaxslar SCHR safiga olinadi.

    Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga oʻn sakkiz yoshdan yigirma yetti yoshgacha boʻlgan chaqiriluvchilar olinadi va ular maxsus hisob raqamga pul badalini toʻlaganlaridan soʻng oylik harbiy yigʻinlarga jalb etiladi. Oylik yigʻinni oʻtab, Vatanga qasamyod qabul qilganlarga harbiy guvohnoma beriladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug maʼlumotiga tayanib.