Xorazmdagi maktabda oʻquvchining onasi oʻqituvchini kaltakladi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Xonqa tumanidagi maktablarning birida ona va oʻqituvchining oʻzaro kelishmovchiligi aks etgan xabarlar tarqatilib jamoatchilikning muhokamalariga sabab boʻldi.

    Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, mazkur holat joriy yilning 15-oktyabr kuni Xonqa tumanidagi 36-son umumiy oʻrta taʼlim maktabida sodir boʻlgan.

    Maʼlumotlarga koʻra, oʻquvchining onasi S.R. va oʻqituvchi G.R. (ayol) oʻrtasida ziddiyat kelib chiqib, oʻzaro urishib ketgan.

    Ushbu holat yuzasidan ichki ishlar organi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilib, fuqaro S.R.ga MJtKning 41 (tuhmat) va 52 (yengil tan jarohati yetkazish) moddalari 2-qismi, G.R.ga nisbatan MJtKning 52-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy huquqbuzarlikka oid ish qoʻzgʻatilib, toʻplangan hujjatlar koʻrib chiqish uchun sudga yuborilgan.

    Mazkur qaror prokuratura tomonidan nazorat tartibida oʻrganilib, asossiz boʻlganligi sababli bekor qilingan va 18-noyabr kuni fuqaro S.R.ga nisbatan JKning 277-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

    Bosh prokuratura Matbuot xizmatining xabariga koʻra, jinoyat ishi tergov harakatlarini oʻtkazish uchun IIOga yuborilgan.