Xorazmdagi uylardan biriga meteorit tushgani rad etildi

    Voqea-hodisalar 14 May 2025 1269

    Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Bogʻot tumanidagi uylardan biriga meteorit tushgani haqida xabarlar tarqalib jamoatchilik muhokamalariga sabab boʻldi. Holat yuzasidan Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maʼlumot berdi.

    Qayd etilishicha, shu yilning 12-may kuni soat 03:39da Xorazm viloyati FVBga Bogʻot tumani “Yuksalish“ mahallasi “Obod Vatan“ koʻchasi 4-uyining dahlizining taxminan 10 kv.m tom qismi qulab tushganligi toʻgʻrisida xabar kelib tushgan.

    Mazkur holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda turli asossiz va haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar, xususan, hodisa joyiga asteroid tushgani haqida notoʻgʻri xabarlar tarqalmoqda, — deyiladi boshqarma munosabatida.

    Qoʻshimcha qilinishicha, hodisa sodir boʻlgan manzilda IIB hamda FVBning maxsus laboratoriya xizmatlari tomonidan oʻrganish ishlari olib borilgan. Oʻrganishlar davomida hodisa joyida hech qanday fazo jismlari yoki portlash xususiyatiga ega moslamalarning qoldiqlari aniqlanmagan.

    Shuningdek, oʻrganishlar davomida xonadonda 2 ta propan gaz ballonlari mavjudligi aniqlangan.

    Hozirda hodisa yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Hodisaning kelib chiqish sababini aniqlash maqsadida maxsus ekspertiza tayinlangan. Ekspertiza xulosasiga asosan qoʻshimcha maʼlumotlar beriladi.

    Mazkur hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yoʻq.