Qarorga muvofiq, 2020-yil 1-noyabrdan:

ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslarning umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 50 ming baravaridan yuqori boʻlgan import tovarlari xaridlarining maqsadga muvofiqligi har chorakda kuzatuv kengashlari tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqiladi;

xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlanadi va chegaralanadi;

Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan, xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar boʻyicha tender (tanlov) ishtirokchilari takliflarini baholashda mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining CIP (Oʻzbekiston) narxidan 15 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda preferensiya beriladi.

2021-yil 1-yanvardan strategik ahamiyatga ega xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilishning alohida tartiblari bekor qilinadi.

2020-yil 1-noyabrga qadar cooperation.uz portalida respublikada ishlab chiqarilayotgan barcha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning texnik koʻrsatkichlari 10 ta raqamli TIF TN kodi va ishlab chiqaruvchilarga bogʻlanish maʼlumotlari bilan birgalikda joylashtiriladi.

2021-yil 1-yanvardan xorijiy mamlakatlarda xavfli mahsulotlar haqida tezkor xabar berish axborot tizimiga kiritilgan mahsulotlarni “erkin muomalaga chiqarish uchun” bojxona rejimiga rasmiylashtirish taqiqlanadi.

2021-yil 1-yanvarga qadar xalqaro, mintaqalararo va xorijiy standartlarni ularning asl tilidagi mahsulotga talablarni oʻzgartirmasdan xuddi shunday koʻrinishda qabul qilish orqali, 1995-yilgacha tasdiqlangan 5 236 ta standartlar “tartibga soluvchi gilyotina” usulida bekor qilinadi. 

2021-yil 1-yanvargacha davlat investitsiyalarini boshqarishni baholashning umum qabul qilingan tamoyillari (PIMA) asosida markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiyaviy loyihalarni toʻliq va uzluksiz monitoring qilish tizimi joriy qilinadi.

Qaror bilan, Davlat xaridlari subyektlarining xarid tizimini auditdan oʻtkazish jadvali tasdiqlandi.

Shuningdek, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi (yangi tahrirda) ishlab chiqiladi.