Bu borada joriy yil 1 mart kuni Prezidentimizning “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila a'zolarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaror qabul qilindi. Mazkur qaror bilan 2022 yil 1 iyundan boshlab Rossiya Federatsiyasining Voronej, Volgograd, Nijegorod, Irkutsk, Amur oblastlari, Krasnodar, Perm o'lkalari, Xanti-Mansiysk avtonom okrugi — Yugra, Qozog'iston Respublikasining Turkiston oblasti (Chimkent shahri)da hamda Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakillik instituti joriy qilinib, ularda 2 tadan vakillar faoliyati yo'lga qo'yildi.   

O'zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan hamkorlikda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va manfaatlari himoya qilinib, ularni moddiy va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, xorijdagi vatandoshlar va o'zbek milliy-madaniy tashkilotlari bilan yaqin aloqalarni o'rnatish hamda mustahkamlash, ular bilan hamkorlikda muntazam ravishda mehnat migrantlari uchun madaniy va ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarni tashkil etiladi. O'zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, fuqarolar uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar to'g'risida xorijda bo'lib turgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari o'rtasida keng qamrovli targ'ibot-tushuntirish ishlarini olib borish vakillik institutining asosiy faoliyat yo'nalishlari etib belgilandi.

Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish ko'lamini kengaytirish, noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish, salohiyatli ish beruvchilar bilan muzokaralar olib borish, xorijda bo'lib turgan davrida zo'ravonlik, majburiy mehnat va tahqirlanishga duchor bo'lgan, jarohat olgan, baxtsiz hodisaga uchragan, og'ir kasallikka chalingan, murakkab moliyaviy ahvolga tushib qolgan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz yoki mablag'siz qolgan, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O'zbekiston Respublikasi fuqarolariga O'zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari, mehnat organlari va migratsiya markazlari tomonidan ko'rsatiladigan xizmatlar to'g'risida axborot va maslahatlar berish, ushbu xizmatlardan foydalanishda ularga ko'maklashiladi.

Shuningdek, qaror bilan O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining 2022 yil 1 maydan boshlab Federatsiya mablag'lari hisobidan har yili mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash va kambag'allikni qisqartirish masalalari bo'yicha tuman va shahar hokimlari yordamchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro'yxatda bo'lgan oilalarga bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko'rsatiladi. Mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro'yxatda bo'lgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan, nogironligi bo'lgan oila a'zolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko'rsatish belgilab qo'yildi.

Endilikda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning O'zbekiston Respublikasida ular bilan birga istiqomat qiluvchi pensiya yoshiga etgan yoki I va II guruh nogironligi bo'lgan oila a'zolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yo'llanma beriladi. O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining mablag'lari hisobidan mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning oila a'zolariga yordam pullari va yo'llanmalar berishda fuqarolar “Labor migration” dasturiy majmuasida ro'yxatdan o'tgan bo'lishi va mazkur dasturiy majmuasi orqali elektron tarzda murojaat qilishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” yoki “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo'li bilan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotgan fuqarolarga ham 2022 yil 1 martdan boshlab O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 15 sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to'g'risida” qarorining 11-bandida nazarda tutilgan mikroqarzlar to'lanishi yo'lga qo'yildi.

Shu bilan birga O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 iyuldagi “Xorijga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarni rag'batlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida nazarda tutilgan malaka imtihonlarini topshirish, yo'l chiptasini xarid qilish va “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bo'yicha kompensatsiyalar 2023 yil 1 yanvarga qadar to'lanishi nazarda tutildi.  

Aziz Adilov,

Chirchiq shahar adliya

 bo'limi boshlig'i