Bu haqda AOKAda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxoʻja Norov ishtirokida boʻlib oʻtgan brifingda maʼlumot berildi.

Murojaatlar asosida xorijda ishlash istagida boʻlgan yurtdoshlarimizning 35 ming 381 nafariga tashkiliy va manzilli tarzda ishga joylashishga koʻmaklashilgan, xorijda ishlayotgan 8 667 nafariga huquqiy, 7 141 nafariga ijtimoiy va 2 474 nafariga jami 71 400 AQSH dollari miqdorida moddiy yordam koʻrsatilgan.

Xorijda qiyin ahvolda qolgan 76 nafar yurtdoshimiz vaqtinchalik xostellarga joylashtirilgan boʻlsa, ogʻir ahvolga tushib qolgan 443 nafar yurtdoshimiz Vatanga qaytarilgan.

Yurtdoshlarimizning 1710 nafarini ish beruvchi tomonidan toʻlanmayotgan ish haqi, 98 nafarini esa kompensatsiya toʻlovlari shaklidagi jami 1 mln 200 ming AQSH dollari miqdoridagi pullari undirib berilgan.