Xorijiy davlatlarda adliya organlarining norma ijodkorligi sohasidagi faoliyati turlicha yoʻnalishlarda tashkil qilingan.

Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi Rossiya Federatsiyasi Prezidentining 2004-yilgi 13-oktyabrdagi 1313-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi toʻgʻrisida”gi Nizomning 7-bandi 8) kichik bandiga muvofiq, Adliya vazirligi va uning federal xizmatlarining vakolatlariga bogʻliq ravishda, shuningdek vazirlik va uning federal xizmatlari tarkibiy boʻlinmalari ish rejalari loyihasi va prognoz koʻrsatkichlari faoliyatiga koʻra, federal konstitutsion qonunlar loyihalarini, federal qonunlar loyihalarini, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti va Hukumati hujjatlari va boshqa hujjatlarning loyihalarini Rossiya Federatsiyasi Prezidenti va Hukumatiga kiritadi. Nizomga koʻra, vazirlik federal konstitutsion qonunlari va federal qonunlari loyihalarining rasmiy taqrizi va xulosalarini tayyorlashda, shuningdek ularga oʻzgartirish kiritish loyihalarida ishtirok etadi.

Mazkur Nizomga koʻra, adliya boshqarmalari Rossiya Adliya vazirligining normativ-huquqiy hujjatlariga oʻzgartirish kiritish va shunday turdagi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish boʻyicha takliflarni oʻrnatilgan tartibda Adliya vazirligiga taqdim qiladi.

Belorussiya Respublikasi Vazirlar Kengashining 31.10.2001-yilgi 1605-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Belorussiya Respublikasi Adliya vazirligi toʻgʻrisida”gi Nizomning 6.1 kichik bandiga koʻra, Adliya vazirligi Belorussiya Respublikasi Prezidenti, Milliy majlis, Vazirlar Kengashining topshirigʻi va oʻzining tashabbusi boʻyicha qonunchilik va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi.

Qozogʻiston Respublikasining 2002-yil 18-martdagi “Adliya organlari haqida”gi Qonunining 15-moddasiga koʻra, adliya organlari tomonidan qonun loyihasi ishlari va normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqish amalga oshiriladi.

Germaniya Federal Adliya va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish vazirligi tuzilmasidagi IV Departament (Konstitutsiyaviy va maʼmuriy huquq, xalqaro va Yevropa huquqi) xalqaro-huquqiy shartnomalarni ishlab chiqish va kelishishda ishtirok etadi. Shuningdek, mazkur IV Departament BMT va Yevropa Kengashi yoʻnalishi boʻyicha belgilangan shartnomalarni tayyorlash va amalga oshirishga javob beradi.

Fransiya Adliya vazirligi tizimida norma ijodkorligi faoliyati bilan shugʻullanuvchi bir nechta tuzilmalar boʻlib, shular jumlasidan Fuqarolik ishlari boʻyicha boshqarmasi konstitutsiyaviy huquq, maʼmuriy masalalar, fuqarolik huquqi va fuqarolik protsessi, korporativ huquq va savdo huquqiga aloqador boʻlgan qonunlar va normativ hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi.

Finlandiya Adliya vazirligi xodimining asosiy majburiyatlaridan biri, Hukumat qonun loyihalarini ishlab chiqish hisoblanadi.

Azizjon Xoʻjanazarov,
Toshkent davlat yuridik universiteti oʻqituvchisi