Xabar berganimizdek, 30-aprel kuni Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat fuqarolik xizmatini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan xalqaro seminar oʻtkazildi. Unda ZOOM platformasi orqali qator xorijiy ekspertlar ham ishtirok etgan edi.

Ular orasidan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xoʻjaligi va davlat xizmati akademiyasi (RANXiGS) prorektori Andrey Morgolinning mamlakatimizdagi Xalq qabulxonalari islohotlar bilan bogʻliq samimiy fikrlarini bergan edik. Qolgan ekspertlar qanday fikrda?

Franchois Begeot,

Oʻzbekiston Respublikasidagi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi boʻlim boshligʻi:

Strategiya loyihasida davlat fuqarolik xizmati jozibadorligini oshirish orqali davlat organlari va tashkilotlarida eng munosib va yuqori malakali kadrlar bilan jamlash, tegishli xizmat koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida ular bilan doimiy ishlash, malakasini oshirib borish kabi ustuvor jihatlar aks ettirilgan.

Aynan ushbu jihatlar Yevropa Ittifoqining davlat boshqaruvi samaradorligi xalqaro indikatori boʻyicha ishlab chiqilgan ustuvor tavsiyalariga toʻla mos keladi. Shu nuqtayi nazardan Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi mazkur sohadagi islohotlarni amalga oshirishda hamkorlik qilishga tayyorligini bildiradi.

Shin In-chul,

Janubiy Koreya Respublikasi Xodimlarni boshqarish vazirligi Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshligʻi:

Bizning vazirlik Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan

yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻygan va keyingi vaqtlarda sohani takomillashtirishga qaratilgan hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda oʻzaro tajriba almashinuvi amaliyoti shakllangan.

Bugun muhokama qilinayotgan hujjat loyihasida uning maqsadi, vazifalari va ustuvor yoʻnalishlari aniq belgilangan. Shu bois, hujjat amaliyotga tatbiq qilingach, unda belgilangan maqsad va vazifalar samarali amalga oshiriladi, deb oʻylayman.

Janubiy Koreya davlat xizmati xususiy sektor bilan raqobatbardoshlikka alohida eʼtibor qaratadi. Hozirda Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OESR)ning mazkur sohadagi tavsiyalari asosida ish olib borilmoqda. Muhokama qilinayotgan Strategiya loyihasida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining (OESR) mazkur sohadagi tavsiyalarining aksariyati oʻz aksini topganligini ijobiy baholayman.

Aleks Appia-Korateng,

Jahon bankining Markaziy Osiyo va Yevropada davlat boshqaruvi va davlat sektori boʻyicha katta mutaxassisi:

Strategiyada davlat boshqaruvini isloh qilish bilan bogʻliq muhim yoʻnalishlar va vazifalar, ularni amalga oshirish boʻyicha aniq mexanizmlar belgilanganligi uning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini taʼminlaydi. Biroq, buning uchun davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ishni tashkil etish boʻyicha yetarli vakolat va funksiyalarga ega boʻlgan davlat organi zimmasiga yuklatilishi maqsadga muvofiq boʻladi. Chunki davlat boshqaruvi tizimini isloh etish orqali strategik maqsadlarga erishish samaradorligi muvofiqlashtiruvchi organning davlat boshqaruvi organlari tizimidagi roliga bogʻliq boʻladi.

Shuning uchun Strategiyada belgilangan vazifalar monitoringini yuritish uchun bevosita Prezident huzuridagi tashkilotning masʼul etib belgilanganligi mazkur sohadagi faoliyatning toʻgʻri tashkil etilganligini bildiradi va ijrosi taʼminlanishini kafolatlaydi.

Gulmira Raisova,

Qozogʻiston HR Menejerlari assotsiatsiyasini muvofiqlashtiruvchi kengashi Prezidenti:

Koʻpgina davlatlarning davlat xizmatini rivojlantirish boʻyicha qabul qilgan strategik hujjatlarning ijrosini tahlil qilib, koʻzlangan maqsadlarning oʻrtacha 15 foizi amalda ijro etilganligining guvohi boʻlganman. Buning asosiy sababi strategik hujjatni ishlab chiqishda mamlakatning mazkur sohadagi amaldagi holati hamda joriy qonunchilikka yetarlicha eʼtibor qaratilmaganligi bilan izohlanadi.

Biroq, bugun seminarda muhokama etilgan Strategiya loyihasi Oʻzbekiston Respublikasining davlat fuqarolik xizmatini tatbiq etishda amalga oshirilgan ishlarning joriy holati va uni rivojlantirishga oid tahdidlarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan. Shu bois, mazkur holatlar davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirishdan koʻzlangan maqsadlarga erishishning yuqori darajasini kafolatlaydi, deb hisoblayman.