Bugungi kunda fuqarolarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan hech qanday hujjatsiz, noqonuniy tartibda uy-joy, turli imoratlarni qurib olishi sohadagi eng og‘riqli masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Bu bilan fuqaro o‘z oilasi iqtisodiyotiga ham o‘zgalar manfaatiga ham jiddiy zarar yetkazadi. U belgilangan tartibda qonuniy javobgarlikka tortilishidan tashqari, yillar davomida mablag‘ sarflab, peshona teri evaziga qurgan imorati shunchaki buzib tashlanadi. Noqonuniy qurilma bo‘lgani uchun kompensatsiya puli ham ololmaydi. Qolaversa, davlatga, tadbirkorlik sub'ektlariga yetkazilgan zararni qoplab berishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Nishon tumani Shirinobod qishlog‘ida yashovchi bir necha fuqarolar ham hududda faoliyat yuritayotgan “Indarama agro” xorijiy korxonasiga berilgan yer maydoniga o‘zboshimchalik bilan imorat qurib olishgan.
Korxona murojaatiga asosan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspektsiyasi mutaxassislari tomonidan bu borada tekshiruv o‘tkazilganda, haqiqatan ham fuqarolar hech qanday hujjatsiz xorijiy korxona yerlariga imorat qurishgani aniqlandi.
Jumladan, shu hududda yashovchi Sobir Hoshimov 0,5 gektar, Shuhrat Primov tomonidan 0,2 gektar, Farhod Ro‘ziboev, Ahatulla Tursunov, Farmon Norovlar 0,25 gektardan yer maydonini o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirib olib, bu yerda noqonuniy qurilishlarni amalga oshirgan.
Ayni paytda huquqbuzarlarga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy hal etilishi uchun tuman prokuraturasiga yuborildi.
Sarvinoz ISMOILOVA,
O‘zagroinspektsiyaning Qashqadaryo viloyat
boshqarmasi matbuot kotibi