Prezidentimizning 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olishda talabgorlardan olinadigan test sinovlarini internet tarmogʻida onlayn efirga uzatish boʻyicha vazifalar belgilab berilgandi.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan imtihon.tdi.uz sayti ishga tushirildi.

Endi barcha qiziqish bildirganlar ushbu sayt va inspeksiyaning Youtube ijtimoiy tarmogʻidagi rasmiy sahifasi orqali xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish uchun navbatdagi sinov testlarini onlayn vaqt rejimida kuzatib borishi mumkin.

Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish boʻyicha sinovlar talabgorlar sonidan kelib chiqqan holda har oyda avvaldan eʼlon qilinadigan kunlari oʻtkazib kelinmoqda.

Xususan, joriy yilning 27–30-iyul kunlari tashkil etilayotgan navbatdagi jarayonlarda talabgorlar huquqshunoslik, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot, iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi, muhandislik, ishlov berish va qurilish hamda oʻqituvchilar tayyorlash va pedagogik fanlar boʻyicha oʻz bilimlarini sinovdan oʻtkazmoqda.

Taʼkidlash lozim, talabgorlarning hujjatlari Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi hamda sinovlar oʻtkaziladigan muddat haqida talabgorlarga xabarnoma yuboriladi.

Test sinovlari jarayonida talabgorlarga kompyuterda 50 ta test topshirigʻini yechishlari uchun 1 soat 40 daqiqa vaqt ajratiladi. Shuningdek, talabgorlar testni yakunlashlari bilan oʻzlari qayd etgan natijalarni bilib olishlari mumkin.

Ijobiy natija qayd etganlar esa xorijiy davlatda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatni tan olish haqidagi guvoxnomalarni tegishliligi boʻyicha Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuklab olishlari mumkin, deyiladi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xabarida.