Oʻzbekiston va Malayziya oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida izchil va samarali hamkorlikni rivojlantirib, mustahkam aloqalarni yoʻlga qoʻymoqda. Ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi tashriflari va uchrashuvlari bu jarayonga kuchli turtki boʻlib, taʼlim va ilmiy hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini ochmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga binoan 4-5-fevral kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻladi. Davlatimiz rahbarining Malayziyaga tashrifi doirasida hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator muhim kelishuvlar imzolanishi rejalashtirilmoqda. Ushbu tashrif ikki davlat oʻrtasidagi taʼlim, fan va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, shuningdek, innovatsion texnologiyalar hamda kadrlar tayyorlash sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga zamin yaratishi kutilmoqda.

Globallashuv jarayoni jadallashayotgan hozirgi davrda oliy taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlik strategik ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, oliy taʼlim tizimidagi integratsiya Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi hamkorlikning muhim jihatlaridan biri sifatida ilgari surilmoqda. Oliy taʼlim sohasidagi munosabatlar keyingi yillarda sezilarli darajada rivojlanib, yangi bosqichga koʻtarildi. Bu hamkorlik ikki mamlakat taʼlim tizimini modernizatsiya qilish va xalqaro maydonda integratsiyalashuvini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Malayziya universitetlari bilan ilmiy aloqalarni rivojlantirish va talabalarga xalqaro bilim olish imkonini taqdim etmoqda. Hozir Oʻzbekiston va Malayziya oliygohlari oʻrtasida 94 ta bitim, shartnoma va kelishuv amal qiladi. Bu hamkorlik fan va taʼlim sohasidagi loyihalarni rivojlantirishga yordam beradi.

Oliy taʼlim sohasidagi aloqalar ikki davlatning strategik manfaatlariga xizmat qilishi bilan ahamiyatli. Malayziyaning innovatsion taʼlim metodlari va xalqaro tajribasi oʻzbekistonlik talabalar va oʻqituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatdagi taʼlim sifati va ilmiy salohiyatni oshirishga hissa qoʻshadi. Shu bois, Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining 195 professor-oʻqituvchisi malaka oshirish uchun Malayziya oliy taʼlim tashkilotlariga yuborildi. Oʻz navbatida, Malayziya hamkor oliygohlari va taʼlim tashkilotlarining 230 professor-oʻqituvchisi oʻquv jarayoniga jalb etilgan. Malayziyaning texnikaviy hamkorlik dasturi (MTSP) doirasida 2016-yildan buyon Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining 200 dan ziyod (2024-yilda 15 nafar) professor-oʻqituvchisi tajriba almashish, stajirovka oʻtash, turli sohalardagi oʻquv kurslarida ishtirok etish maqsadida Malayziyada boʻldi.

Mamlakatimiz yoshlari uchun Malayziya oliy taʼlim muassasalarida tahsil olish imkoniyati kengaydi. Ayniqsa, muhandislik, axborot texnologiyalari, tibbiyot va menejment sohalaridagi taʼlim dasturlari talabalar oʻrtasida katta qiziqish uygʻotmoqda. Bundan tashqari, Malayziyaning Oʻzbekistondagi taʼlim forumlari va koʻrgazmalari hamkorlikni yanada mustahkamlashga yordam bermoqda. Bugun Oʻzbekistonning 500 ga yaqin fuqarosi Malayziya oliy taʼlim muassasalarining turli yoʻnalishlarida tahsil olmoqda. Malayziya universitetlari tomonidan Oʻzbekiston talabalari uchun ajratilayotgan grant va stipendiyalar ham taʼlim sohasidagi aloqalarni rivojlantirishning muhim omillaridan. Ushbu grantlar orqali koʻplab oʻzbekistonlik yoshlar xorijiy tajribani oʻrganish va kelajakda oʻz mamlakatida zamonaviy bilimlarni qoʻllash imkoniga ega boʻlmoqda.

Eʼtiborga loyiq jihati shundaki, malayziyalik talabalarda ham yil sayin Oʻzbekistonda taʼlim olish istagi shakllanib borayotir. Hozir “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida Malayziya yoshlari tahsil olmoqda. Shuningdek, oʻzaro hamkorlik doirasida qoʻshma tadqiqotlar va ilmiy anjumanlar oʻtkazilmoqda. Bu Oʻzbekistondagi taʼlim tizimi sifati xorijiy davlatlarda ham eʼtirof etilayotganini koʻrsatadi.

Ikki davlat oʻrtasida koʻplab qoʻshma taʼlim dasturlari va loyihalar amalga oshirilmoqda. Talabalar almashinuvi dasturlari va qoʻshma magistratura hamda doktorantura dasturlari shular jumlasidan.

“Petronas” texnologiya universiteti va Qarshi muhandislikiqtisodiyot instituti oʻrtasidagi hamkorlik natijasida 2023-yilda oʻzbekistonlik 6 oʻqituvchiga “faxriy professor” unvoni berildi. Buxoro tabiiy resurslarini boshqarish instituti va INTI universiteti hamkorligida “Modellashtirish va prototiplashtirish” markazi tashkil etildi. Shuningdek, hamkorlik doirasida qoʻshma taʼlim dasturlari hamda dual taʼlim tizimi joriy etilayotir.

Qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish oʻzaro hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtirof etiladi. Bu borada muhandislik, axborot texnologiyalari, tibbiyot va menejment sohalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti va Linkoln kollej universiteti oʻrtasida tashkil etilgan qoʻshma taʼlim dasturi doirasida menejment yoʻnalishi va mutaxassisligi boʻyicha talabalar 2+2 hamda 1+1 tizimi asosida oʻqishni davom ettirmoqda.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali va Linkoln kollej universiteti oʻrtasida “Raqamli iqtisodiyot” yoʻnalishi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturi tashkil etilgan. Nukus davlat pedagogika instituti hamda Qoraqalpoq davlat universiteti kabi taʼlim muassasalarida ham qoʻshma dasturlar doirasidagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda.

Bugun yurtimizning 4 ta oliy taʼlim muassasasi Malayziya universitetlari bilan hamkorlikda 5 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 3 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirmoqda. Bu saʼy-harakatlar taʼlim turizmini rivojlantirishda muhim qadam boʻlib, ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda.

Qoʻshma taʼlim dasturlari taʼlim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash bilan birga ikki mamlakat yoshlari oʻrtasida madaniy va ijtimoiy aloqalarni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Istiqbolda dual taʼlim dasturlarini rivojlantirish ikki davlatning taʼlim sohasidagi hamkorligini yanada mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etadi. Bu tizim talabalarga nazariy taʼlim va amaliyotni uygʻunlashtirish imkonini beradi. Dual taʼlim orqali talabalar zamonaviy bilim va koʻnikmalar barobarida sohasi boʻyicha muayyan tajribaga ham ega boʻladi. Bu esa ularning kelgusida ish bilan taʼminlanish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.

Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasidagi hamkorlik doirasida oliy muhandislik maktablarini tashkil etishga istiqbolli yoʻnalishlardan biri sifatida qaralmoqda. Oliy muhandislik maktablarining asosiy vazifalari zamonaviy talablarga mos ravishda belgilangan. Ular, avvalo, talabalarga tanlangan yoʻnalish boʻyicha chuqur va zamonaviy bilim berish, ilmiy tadqiqot, tahliliy, ijodiy hamda muloqot qobiliyatini rivojlantirishni oʻz ichiga olgan. Bu maqsadda taʼlim jarayoni “4+1” shaklida tashkil etilib, bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarini oʻz ichiga olgan kompleks tayyorgarlik dasturlari joriy etiladi.

Shuningdek, muhandis-texnik kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash dasturlari yoʻlga qoʻyiladi. Hamkor korxonalar ehtiyojini hisobga olgan holda, yuqori texnologiyalar va koʻp tarmoqli ishlab chiqarishni oʻzlashtirishga qodir, jamoaviy ishlay oladigan “muhandis-tadqiqotchi” malakasiga ega kadrlar tayyorlash ustuvor vazifa etib belgilanadi. Taʼlim jarayoniga yetakchi mahalliy va xorijiy professor-oʻqituvchilar jalb qilinadi. Oʻqitishning zamonaviy usullari, jumladan, loyihaviy taʼlim, muammoli oʻqitish texnologiyalari va amaliy tadqiqotlardan foydalanish rejalashtirilgan. Shuningdek, sanoat muammolari boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlarini bajarish, amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlim dasturlarini joriy etish va innovatsion loyihalar ustida ishlash maqsad qilib olinadi.

Taʼlim standartlari sohasidagi hamkorlik doirasida Malayziyaning oʻqitish sifatini taʼminlash tajribasi ham chuqur oʻrganilmoqda. Oʻquv dasturlari va uslubiy materiallar almashinuvi yoʻlga qoʻyilib, Malayziya oliy taʼlim standartlari Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimiga bosqichma-bosqich moslashtirilmoqda. Mazkur jarayonda innovatsion taʼlim texnologiyalarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ikki davlat oʻrtasida ilmiy tadqiqot sohasidagi hamkorlik alohida ahamiyatga molik. Qoʻshma ilmiy loyihalar, konferensiyalar va seminarlar muntazam oʻtkazilib, ilmiy nashrlarda hammualliflik amaliyoti rivojlanmoqda. Malayziyaning innovatsion ekotizim yaratish borasidagi tajribasini oʻrganish va Oʻzbekistonda joriy etish orqali startaplar, texnoparklar hamda innovatsion klasterlarni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan hamkorlik faol davom etmoqda. Xususan, Malayziyaning Fan, texnologiya va innovatsiyalar vazirligi bilan birga 2025-yilda 10 ta ustuvor yoʻnalishda amaliy tadqiqotlar va innovatsion loyihalar tanlovlarini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Malayziyaning MRANTI markazi va Toshkentdagi INNO texnoparki oʻrtasidagi hamkorlik ikki davlatning innovatsion rivojlanishida katta ahamiyatga ega. Bu hamkorlik zamonaviy texnologiyalarni iqtisodiyotga integratsiya qilish, innovatsion gʻoyalarni rivojlantirish va xalqaro bozor uchun raqobatbardosh mahsulotlar yaratishga qaratilgan. MRANTI va INNO texnoparki oʻrtasidagi qoʻshma loyihalar tadqiqot infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy texnologiyalar va robototexnika, raqamli texnologiyalar sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirishga qaratilgan. Bu hamkorlik Oʻzbekistonda koʻplab startap loyihalarning hayotga tatbiq etilishi va Malayziya texnologiyalarini yangi bozorlarga muvaffaqiyatli integratsiya qilishga yordam bermoqda. MRANTI va INNO texnoparkining birgalikdagi faoliyati ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga va xalqaro innovatsion platforma yaratishga xizmat qilmoqda. Bu hamkorlik Oʻzbekiston va Malayziya bilan birga mintaqaviy va global rivojlanish uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Oʻzbekistonda 2025-yilning Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili deb eʼlon qilinishi munosabati bilan ikki davlat hamkorligida atrof-muhitni muhofaza qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va uglerod izini kamaytirishga qaratilgan tadqiqotlar bajarilishi kutilmoqda. Bu kabi loyihalar doirasida qoʻshma ilmiy laboratoriyalar tashkil etish, oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Shuningdek, Oʻzbekiston va Malayziya olimlari oʻrtasida tajriba almashinuvi va stajirovkalar tashkil etilib, ilm-fan yutuqlarini oʻzaro boʻlishish jarayoni yoʻlga qoʻyilmoqda. Ayniqsa, Oʻzbekiston Milliy universitetida oʻtkazilgan “Malayziya va Oʻzbekiston: oliy taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi seminar ikki davlat universitetlari oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish va talabalar almashinuvini rivojlantirish boʻyicha yangi istiqbollarni belgilashda muhim oʻrin tutdi.

Malayziyada innovatsion sohaga eʼtibor tobora kuchayib bormoqda va bu borada sezilarli yutuqlarga erishilmoqda, innovatsion salohiyatni oshirishga yoʻnaltirilgan izchil siyosat yuritilmoqda.

Bundan tashqari, Malayziya yetakchi taʼlim va ilmiy muassasalari bilan hamkorlik Oʻzbekistonda oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlarning sifati hamda samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda. Akademik almashinuv va qoʻshma taʼlim dasturlari orqali har ikki davlat talabalari, professor-oʻqituvchilari uchun yangi bilimlar va tajriba almashish imkoniyatlari yaratilmoqda. Shu bilan birga, innovatsion loyihalar va texnoparklarning hamkorligi mamlakatlar oʻrtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlashga turtki boʻlib, global miqyosdagi taraqqiyotga yangi imkoniyatlar ochmoqda. Kelgusida ham ushbu hamkorlik ikki davlatning fan, taʼlim va innovatsiyalar sohasidagi aloqalarini yanada chuqurlashtirib, ilmiy-ijodiy salohiyatni oshirishiga ishonamiz.

Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasida oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Bu nafaqat taʼlim sohasidagi aloqalarni, balki umumiy madaniy va ilmiy munosabatlarni ham mustahkamlaydi. Kelajak avlod uchun yanada keng imkoniyatlar yaratadi.

Otabek MAHKAMOV,

oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari