Xorijiy tillar - global muloqot va kasbiy muvaffaqiyatlar kaliti

    Keyingi avlod 16 Iyun 2025 254

    Bugungi kunda davlatimizda xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan talab keskin oshmoqda. Bu yosh avlodni kamida bitta xorijiy tilni egallashga undovchi kuchli rag‘batdir.

    Til bilish nafaqat jamiyatda o‘z o‘rnini topishga yordam beradi, balki insonning dunyoqarashini kengaytiradi, shaxs sifatida rivojlanishiga yangi imkoniyatlar ochadi. Turli tillarda so‘zlashadigan insonning fikrlash doirasi kengroq va yangiliklarga ochiqligi bilan boshqalardan ajralib turishi ham aynan shundan dalolatdir.

    Xorijiy tilni bilgan shaxs nafaqat o‘z jamiyatida yuksak marralarni zabt etishi, balki global miqyosda ham o‘z o‘rnini topadigan salohiyat egasi bo‘la oladi. Ingliz tilidagi mashhur maqolda aytilganidek, “Til xalqlar orasidagi ko‘prikdir”. Bizda esa “Til bilgan - el biladi” degan hikmat bor. Aynan bugungi globallashuv sharoitida til bilishning ahamiyati yanada oshib, yangi darajaga ko‘tarilmoqda.

    O‘z ona tilimiz bilan bir qatorda, xorijiy tillarda muloqat qilish yosh avlodga chet ellarda ta’lim olish, ishlash, malakasini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini taqdim etadi. Shu bois, xorijda tahsil olib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirib qaytayotgan yoshlarimiz bilan faxrlanishimiz lozim. Ular olgan bilimlarini Vatan ravnaqi yo‘lida ishlatish bilan birga, ba’zan ta’lim grantlari va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga ham hissa qo‘shmoqda.

    Bu borada faol ishtirok etayotgan “El-Yurt Umidi” fondi talabalarni chet eldagi yetakchi universitetlarda o‘qishini moliyalashtirsa, “Oliy Ta’lim, Fan va Innovatsiyalar Vazirligi” xorijda malaka oshirish uchun mutaxassislarni yuborish bo‘yicha muhim amaliyotlarni bajarmoqda. Davlatimizning bunday tashabbuslari yosh kadrlarning bilim va tajribalarini oshirishiga katta turtki bo‘lmoqda.

    Shuningdek, xorijiy tillarni o‘rganish uchun maktab bosqichidan boshlab keng imkoniyatlar yaratildi. Endilikda boshlang‘ich sinflardan xorijiy tillarni o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Maktablarda ingliz, nemis kabi tillarda tahsil beruvchi xususiy maktablar faoliyat yuritmoqda. Masalan, “The British School of Tashkent” va “Gyote” maktablari o‘z faoliyatlarini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda.

    2021-yildan boshlab esa xorijiy til bo‘yicha xalqaro sertifikatlarni olish uchun imtihon xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibi joriy etildi. Bu yoshlarni xorijiy tillarni o‘rganishga yanada rag‘batlantirmoqda. Shu imkoniyatlardan to‘liq foydalanib, yoshlarimiz nafaqat malakali mutaxassis sifatida yetishib chiqadi, balki davlatimiz rivojiga sezilarli hissa qo‘shishiga ishonamiz. Til bilish ularga nafaqat shaxsiy muvaffaqiyatlar, balki davlatimiz taraqqiyotining mustahkam poydevorini yaratishda faol ishtirok etish imkonini beradi. Shunday ekan, har bir yoshning xorijiy tilni egallashi mamlakatimiz kelajagi uchun eng muhim yutuqlardan biri hisoblanadi. Til bilish esa bugungi kun talabidir, kelajakning kalitidir.

    Bo‘riyeva Gulhayo,

    Toshkent Davlat Yuridik Universiteti,

    Xorijiy Tillar kafedrasi, katta o‘qituvchisi