Tanlov Prezident sovrini uchun “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan har yili ingliz, nemis, fransuz tillari kabi xorijiy tillar oʻqitiladigan maktablar oʻrtasida oʻtkaziladi.
Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan maktab terma jamoasi har yili 20-sentyabrga qadar Xalq taʼlimi vazirligining axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkaziladi. Roʻyxatdan oʻtgan maktab har yili 20-oktyabrga qadar axborot tizimiga xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha belgilangan asosiy koʻrsatkichlarini kiritadi. Har bir maktabdan bitta til boʻyicha bitta terma jamoa ishtirok etishi mumkin.
Terma jamoa 7-8-9-sinflarda tahsil oladigan 5 nafar oʻquvchidan tashkil topadi. Tanlov 3 bosqichda quyidagi muddatlarda oʻtkaziladi:
I bosqich (tuman bosqichi) - har yili mart oyida. Bunda xorijiy tillarni bilish darajasi test topshiriqlari orqali sinovdan oʻtkaziladi;
II bosqich (hududiy bosqich) - har yili aprel oyida tashkil etilib, ushbu bosqichda ishtirokchilarning tinglab tushunish, yozish, oʻqish va leksik-grammatik koʻnikmalari sinovdan oʻtkaziladi;
III bosqich - bu Respublika bosqichi boʻlib, har yili avgust oyida boʻlib oʻtadi.
Mazkur bosqichda ishtirokchilarning tinglab tushunish (listening), yozish (writing), gapirish (speaking) va oʻqish (reading) koʻnikmalari chet tilini bilishning xalqaro sertifikatlangan standartlari asosida sinovdan oʻtkaziladi.
Respublika bosqichida 1️-oʻrinni koʻlga kiritgan maktab Prezident sovrini sohibi sifatida eʼlon qilinadi.
Joriy yilning 4-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi maktab” tanlovining dastlabki - tuman yoki shahar bosqichi boʻlib oʻtdi. Davlat test markazi va Davlat feldyegerlik xizmatlari bilan hamkorlik qilgan holda tanlovning tuman (shahar) bosqichini oʻtkazish uchun moʻljallangan test topshiriqlari ishlab chiqildi va maxfiyligi saqlangan holda joylarga yetkazib berildi. Tuman(shahar) bosqichlarini oʻtkazishda test sinovlarini adolatli, xolisona va shaffof oʻtkazilishini nazorat qilish boʻyicha har bir tuman kesimida nazoratchilar guruhi shakllantirildi va ularning tanlov vaqtida xizmat safariga yuborilishi taʼminlandi.
Tanlovning ujbu bosqichida 8000 dan ziyod maktablardan jami 40325 nafar oʻquvchilar ishtirok etdi. Jumladan,
- ingliz tili boʻyicha 37075 ta
- nemis tili boʻyicha 1800 ta
- fransuz tili boʻyicha 1450 nafar oʻquvchilar oʻz bilimlarini sinab koʻrdi.
Tanlovning xorijiy tillar, yaʼni ingliz, nemis, fransuz tillarini bilish darajasini aniqlashga qaratilgan test topshiriqlari umumtaʼlim maktablarining 7-8-9 sinf oʻquvchilari uchun moʻljallangan boʻlib, topshiriqlar xalqaro taʼlim standartlari (CEFR) asosida tayyorlangan 30 ta topshiriqlardan iborat edi.
Umumiy ball natijalariga koʻra, maktablar orasidan ballar ketma-ketligida 3 nafar gʻolib (1-, 2-, 3-oʻrinlar) aniqlandi va tashkiliy qoʻmita bayoni bilan tasdiqlandi. Faxrli oʻrinlarni egallagan maktablar quyidagicha taqdirlanishi belgilandi:
1-oʻrin uchun 100 mln soʻm
2-oʻrin uchun 75 mln soʻm
3-oʻrin uchun 50 mln soʻm pul mablagʻlari bilan ragʻbatlantirildi.
Mazkur tanlovning II bosqich (hududiy bosqich) ga yoʻllanma olgan jamoalar joriy yilning 14-Aprelida boʻlib oʻtadigan viloyat bosqichida ishtirok etadi.
Gulisora ERGASHEVA,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi
Axborot xizmati rahbari