Vazirlar mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligi hamda O'zbekistondagi Gyote Instituti hamkorligida, Germaniya Akademik almashuv xizmati (DAAD)ning “Dhoch3” dasturi asosida Raqamli texnologiyalar davrida nemis tilini o'qitish mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya bo'lib o'tdi. Konferensiyada zamonaviy ilm-fanning eng dolzarb va katta ahamiyatga ega bo'lgan ilmiy mavzulari, yangi o'quv dasturlar, shu bilan bir qatorda texnik va ilmiy ishlanmalar xususida so'z yuritildi. 

Konferensiya avvalida ilm-fan sohasiga doir, xorijiy tillarni o'qitish va rivojlantirish bo'yicha amalga oshiriladigan bir qator ishlar, xususan mamlakatimizda nemis tilini samarali o'qitishni yo'lga qo'yish, innovasion texnologiyalardan foydalangan holda yangi o'quv-uslubiy qo'llanmalarni joriy qilish, texnik imkoniyatlar, zamonaviy metodikaga doir muammolar va dolzarb masalalar muhokama etildi.

Alohida sho'ba yig'ilishlarida konferensiyaning asosiy yo'nalishlari bo'yicha Germaniya, O'zbekiston va boshqa davlatlarning mutaxassislari va referantlari tomonidan bir qancha ilmiy mavzudagi ma'ruzalar tinglandi. Ushbu yo'nalishlar uzluksiz ta'lim tizimida nemis tilini o'qitish dasturlari va raqamli texnologiyalar, umumiy hamda kasbga yo'naltirilgan nemis tilini o'rgatish va shu bo'yicha pedagog kadrlar malakasini oshirish tizimini mustahkamlash kabi masalalarni o'z ichiga olgan edi. Ma'ruzalar so'ngida ushbu masalalar bo'yicha bahs va munozaralar o'tkazildi.

Anjuman nihoyasida, Germaniyaning eng ilg'or nashriyotlari virtual kitoblarini ko'rgazmasi bo'lib o'tdi. Bunda bir qator nemis tili mutaxassislari, professor-o'qituvchilar, doktorantlar, magistr va mustaqil o'rganuvchilar ishtirok etdi.

Guli Soraxon ERGASHEVA

Xorijiy tillar bo'yicha bilimni baholash,

sertifikatlashtirish va reytingni yuritish bo'limining bosh mutaxassisi