Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” farmoni koʻra, 2025-yil 1-oktyabrdan Oʻzbekiston hududiga olib kiriladigan xushboʻylashtiruvchi yoki rang beruvchi qoʻshimchalarsiz oq shakarga nisbatan aksiz soligʻi bekor qilinadi.

20 va undan ortiq ishchisi mavjud boʻlgan yuridik shaxslarga mol-mulk va yer soliqlari hamda ijara toʻlovlari boʻyicha hisoblangan soliq summalarini 2025-yil 15-iyulda va 1-dekabrda boʻlib-boʻlib toʻlanishiga ruxsat beriladi.

Shuningdek, Prezident Farmoniga muvofiq, umumiy ovqatlanish xizmatlarini koʻrsatuvchi tadbirkorlarga toʻlangan QQSning bir qismini qaytarishda ushbu faoliyatdan olingan daromad tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan jami daromadning kamida 80 foizini tashkil etishi zarurligi belgilandi.

Bundan tashqari, sanoat korxonalarining avtomatik monitoring stansiyasi, chang-gaz tozalash uskunasi, lokal suv tozalash inshooti va statsionar kuzatuv posti bilan jihozlash majburiyati muddati quyidagicha uzaytirildi:

  • I toifadagi korxonalar uchun – 2026-yil 1-yanvargacha;
  • II toifadagi korxonalar uchun – 2026-yil 1-iyulgacha.

2025-yil 1-iyundan xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga 200 ming AQSH dollari hamda ularning har bir oila aʼzosiga (turmush oʻrtogʻi, farzandi va ota-onasi) 100 ming AQSH dollari miqdoridagi toʻlovlar evaziga Oʻzbekistonda yashash guvohnomasi 5-yil muddatga soddalashtirilgan tartibda beriladi.