20 avgust kuni «Navoiyuran» davlat korxonasi hamda viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamkorligida xotin-qizlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Unda korxonaning faol xotin-qizlari, tashkilot va muassasalarda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlar, hamkor tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Seminarda korxonada xotin-qizlar bilan ishlashda har bir xodimning murojaati va ehtiyojini o‘z vaqtida o‘rganish, muammolar sabablarini tahlil qilish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralarni belgilash muhimligi ta’kidlandi.

Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Malika Mamadiyarova xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat va mehnat jamoalaridagi faolligini oshirish, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr bildirdi.

Ta’kidlanganidek, xotin-qizlar bilan ishlashni faqat alohida tadbirlar bilan cheklamasdan, tizimli va manzilli yondashuv asosida tashkil etish muhim. Bunda ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, kasbiy salohiyati va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda oila va ish o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlashga e’tibor qaratish zarur.

Seminarda «Navoiyuran» davlat korxonasida xotin-qizlar bilan ishlash tajribasi ham taqdim etildi. Korxona boshqarmasi hujjatlar ijrosini nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati boshlig‘i Nargiza Kenjayeva faol va tashabbuskor xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy va ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, seminarda xotin-qizlarning mehnat huquqlarini ta’minlash, oilaviy munosabatlarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlash, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, bandlik va kasbiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash hamda gender tenglik tamoyillarini mehnat jamoalarida qaror toptirish masalalari muhokama qilindi.

Muhokamalar davomida nazariy ma’lumotlar bilan birga amaliyotda uchraydigan holatlar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi. Ishtirokchilar xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlar faoliyatini takomillashtirish, tajriba almashish va hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirdi.

Seminar yakunida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash hamda jamiyatdagi faolligini oshirishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Tadbirning madaniy qismida kontsert dasturi namoyish etildi.

 Navoiyuran» DK PR xizmati

Hamkorlik materiali