Afsuski, koʻplab ayollar murakkab hayotiy vaziyatlarga tushib qolishadi. Hatto ayrim ayollar hayotdan toʻyib ketib, oʻziga suiqasd qilish holatiga ham tushib qolishadi. Shu paytda ular yordamga ayniqsa muhtoj boʻladi.

Bularning barini inobatga olgan holda, Oʻzbekistonda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi tomonidan 2023-yilning 1-sentyabr holatiga koʻra:

– kam taʼminlangan oilalardagi 2 137 nafar xotin-qizlarga jarrohlik amaliyoti oʻtkazish hamda davolash orqali sogʻlom hayotga qaytarish uchun qariyb 21,9 mlrd soʻm;

– nogironligi boʻlgan 8 000 nafar xotin-qizlarga nogironlik aravachalari, eshitish moslamalari va boshqa reabilitatsiya vositalarini xarid qilish uchun 9,9 mlrd soʻm;

– zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda oʻz joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi, shuningdek, ularning hududiy boʻlimlarini saqlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash maqsadida 10,9 mlrd soʻm mablagʻ toʻlab berildi.

2022-yilning sentyabr oyidan boshlab xususiy sektorda band boʻlgan ayollarga homiladorlik va tugʻish nafaqalarini minimal isteʼmol xarajatlarining miqdoridan kelib chiqib byudjet mablagʻlaridan toʻlab berish tartibi yoʻlga qoʻyildi

Maʼlumot uchun: 2022-yilda 3 735 nafar ayolga 7 mlrd.soʻm mablagʻdan ortiq, 2023-yilning 1-sentyabr holatiga koʻra 10 459 nafar ayolga 20,8 mlrd.soʻm mablagʻdan ortiq homiladorlik va tugʻish nafaqasi ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasidan toʻlab berildi;

Xotin-qizlarga foizsiz taʼlim krediti ajratish tizimi joriy qilindi. 2022-yil davomida 127 000 nafar talaba xotin-qizlarga 1 250,5 mlrd.soʻm miqdorida foizsiz taʼlim kreditlari ajratildi.

Bazaviy toʻlov-kontrakt asosida davlat oliy taʼlim muassasasiga qabul qilingan, ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hisobidan toʻlov-kontrakt pullarini toʻlab berish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Shuningdek, davlat oliy taʼlim muassasasida magistratura bosqichida tahsil oladigan xotin-qizlarga toʻlov-kontrakt mablagʻlarini qaytarish shartisiz Davlat byudjeti hisobidan toʻlab berish tartibi joriy etildi.

Natijada, 2022-yilda 68,3 mlrd.soʻm Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 2022-2023 oʻquv yilida davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichiga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan va taʼlim olayotgan 12 300 nafar xotin-qizlarning birinchi oʻquv bosqich toʻlov-kontrakt summasi toʻlab berildi.

Joriy yilda davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 14 269 nafar magistratura bosqichida taʼlim oladigan xotin-qizlarga 85,1 mlrd.soʻm mablagʻ toʻlandi. Davlat byudjetidan 2023-yilda mazkur maqsadlar uchun 200,0 mlrd. soʻm mablagʻ koʻzda tutilgan.