Qaror bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hamda tuman (shahar)larda xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari toʻgʻrisidagi namunaviy nizom tasdiqlandi.
Unga koʻra, xotin-qizlar kengashlari oʻz ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblanadi.
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi roli va faolligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish xotin-qizlar kengashlarining asosiy vazifalaridan biridir.
Xotin-qizlar kengashlari tuman (shahar)larda 15-25 nafar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 30-40 nafar aʼzodan iborat boʻladi.
Xotin-qizlar kengashlarining tarkibi har uch yilda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining (vazirlik) tegishli hududiy boʻlinmalari boshliqlari tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlik hududiy boʻlinmalari boshliqlarining birinchi oʻrinbosarlari bir vaqtning oʻzida xotin-qizlar kengashlariga raislik qiladi.
Xotin-qizlar kengashlarining qarorlari tavsiyaviy xususiyatga ega.
Eslatib oʻtamiz, xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari Prezidentning PF–5938-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan.