Taʼkidlanganidek, hisobot davrida Qoʻmita tomonidan 3 ta qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqilgan. Xususan, qonunlar hududlar manfaatlari nuqtayi nazaridan kelib chiqib, tanqidiy tahlil qilingan. Xususan, qonunlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida soha mutaxassislari, tajribali amaliyotchilar va jamoatchilik vakillarini jalb etgan holda muhokama qilinib, Senat yalpi majlisiga kiritilgan.

Shuningdek, qaror qabul qilish va ijro etishning barcha bosqichlarida xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga keng qamrovli yondashuvni nazarda tutuvchi 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi qizgʻin muhokamalar asosida qabul qilingan.

Nazorat-tahlil faoliyati doirasida 22 ta tadbir oʻtkazilgan. Jumladan, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish sohasidagi qonunlarning joylardagi ijrosi 4 marotaba, xotin-qizlarning mehnat huquqlarini taʼminlash, har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish kabi sohalarda 7 marotaba oʻrganishlar olib borildi.

Oʻtgan davr mobaynida Qoʻmita tomonidan 4 316 ta turli tadbirlar oʻtkazilgan.

Qoʻmita oʻz faoliyati davomida Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi, Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi, davlat va jamoat tashkilotlari, shuningdek, keng jamoatchilik bilan oʻzaro hamkorlikda faoliyat olib bormoqda.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha doimiy komissiya raislari bilan faol hamkorlik hamda oʻzaro muloqot yoʻlga qoʻyilgan.

Xotin-qizlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish borasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, erishilgan natijalar va oʻz yechimini kutayotgan masalalar atroflicha muhokama qilinib “Oʻzbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning roli” mavzusida ayollar forumini oʻtkazish anʼanaga aylangan.

Manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Yil ayoli”, “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan.

Senatga kelib tushgan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, joylarda aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullar hamda ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarda koʻtarilgan masalalar yuzasidan qoʻmita tomonidan 2 ta parlament soʻrovi tayyorlangan.

Joriy yilda qoʻmita tomonidan Senatning yalpi majlisi kun tartibiga mahallalardagi holat, ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, aholi bandligini taʼminlash toʻgʻrisida masala kiritilgan.

Qonunlar ijrosi holati, huquqni qoʻllash amaliyoti va qonunosti hujjatlar qabul qilinishi jarayonini oʻrganish faoliyati doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan birgalikda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”, “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisida”, “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisida”, “Oilaviy tadbirkorlik toʻgʻrisida” va “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarini amalga oshirishga qaratilgan qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi hamda amalda qoʻllanilishi holati monitoring qilindi.

Qoʻmita aʼzolari tomonidan fuqarolar murojaatlari bilan ishlar amalga oshirildi. Hisobot davrida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 17 mingdan ortiq yozma murojaat koʻrib chiqilgan.

Qoʻmita aʼzolari tomonidan Senatda va joylarda jami 4 mingdan ortiq fuqarolar qabul qilingan.

Hisobot davrida qoʻmita aʼzolari saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni chuqur oʻrganish va ular yechimi yuzasidan zarur choralar koʻrish maqsadida oʻz saylovchilari bilan 562 ta uchrashuv oʻtkazgan.

Shuningdek, tegishli hudud va saylovchilar manfaatlariga taalluqli muammolarni hal etish borasida parlament nazoratining senator soʻrovi shaklidan ham samarali foydalanib, murojaat qilgan jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan 85 ta senator soʻrovi yuborilgan.

Senat tomonidan maʼqullangan qonunlarning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka tushuntirish, fuqarolarga davlat dasturlarini ijro etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berish maqsadida televideniye, radio, ijtimoiy tarmoqlar va bosma davriy nashrlarda 12 mingga yaqin material eʼlon qilingan.

Muhokama yakuni boʻyicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.