Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda ichki ishlar organlarida xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning maʼnaviy hamda jismoniy rivojlanishiga koʻmaklashish borasida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Hukumatining tegishli qarorlari bilan ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalarida voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixolog va xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektor lavozimlari joriy etildi.
Tahlillar shuni koʻrsatdiki, ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlarida zarur vakolatlar mavjud emasligi voyaga yetmaganlar bilan bogʻliq huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan oʻz vaqtida chora-tadbirlar koʻrilishiga toʻsqinlik qilib kelyapti.
Shu bilan birga, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning davlat tomonidan himoya qilinishini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida himoya orderi talablarining bajarilishini nazorat qilish yuzasidan ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlarining masʼuliyatini kuchaytirish talab etiladi.
Mazkur Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 248-moddasiga bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlikda, jamoat joylarida tamaki yoki alkogol mahsulotini isteʼmol qilganlikda, shuningdek, voyaga yetmagan shaxsni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlikda aybdor shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlariga zarur vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi qoʻshimchalar kiritilyapti.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlariga tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik kabi maʼmuriy huquqbuzarliklarni rasmiylashtirish vakolatlari berilyapti, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Senatorlar fikricha, ushbu Qonun ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga, xotin-qizlar va bolalarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.