Bu borada Prezidentimiz tomonidan 2021-yil 5-martda qabul qilingan “Xotin qizlarni qoʻllab quvvatlash, ularni jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi” Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida sudlarda faoliyat olib borayotgan ayol sudyalar tomonidan sayyor uchrashuvlar va qabullar oʻtkazib kelinmoqda.

Namangan viloyat sudi Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyalari tomonidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni huquqiy muammolarini oʻrganish va ularga huquqiy hamda psixologik koʻmak berish maqsadida sayyor uchrashuv va qabul oʻtkazildi.

Jumladan, fuqarolik ishlari boʻyicha Uchqoʻrgʻon tuman sudi sudyasi Sanobar Toʻraboyeva tumanning 1-sonli kasb-hunar maktabida markazlashgan holatda Koʻprikboshi, Oʻljatoʻpi, Elatan, Qoʻgʻay mahallaridan “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga huquqiy psixologik tushuntirishlar olib borildi va 7 nafar ayollarning murojaatlari tinglandi.

Shuningdek, Namangan viloyat sudi fuqarolik ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi Muhayyo Dadamirzayeva, fuqarolik ishlari boʻyicha Namangan tumanlararo sudining sudyasi Maʼrifat Melixanova tomonidan Namangan shahrining “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yigʻinida markazlashgan holda “Istiqbol”, “Kelajak tongi”, “Sohil”, «Kurashxona» MFYlarda yashovchi xotin-qizlar uchun sayyor qabul oʻtkazildi.

Mazkur sayyor qabulda jami 26 nafar xotin-qizlar bilan sudyalar tomonidan shaxsan suhbatlashilib, ularga huquqiy jihatdan koʻmak berildi.

Jumladan, 5 nafar fuqaro qonuniy nikohdan ajratish masalasida, 5 nafari kredit olish masalasida, 2 nafar fuqaro yashab kelayotgan uy-joyni hamda yer maydonini davlat roʻyxatidan oʻtkazish masalasida, 3 nafar farzandlar uchun toʻlayotgan aliment miqdorini muvofiqlashtirish masalasida, 2 nafar alimentdan boʻlgan qarzdorlikni undirish boʻyicha, 2 nafar fuqarolar farzand bilan koʻrishib turish tartibini belgilash haqida, 2 nafar fuqaro oilasi bilan yarashtirish choralarini koʻrish masalasida murojaat qilgan. Ularning murojaatlari yuzasidan arizalari olinib rasmiylashtirish uchun mutasaddi tashkilotlarga yuborish uchun qabul qilindi. 5 nafar xotin-qizlar murojaati yuzasidan, huquqiy tushuntirish berildi.

Xususan, “Bunyodkor” MFYda yashovchi M.O.ga arzonlashtirilgan uy-joy olish masalasida huquqiy yordam koʻrsatilib, arizasi qabul qilinib, tegishli tartibda Namangan shahar Davlat xizmatlariga topshirish chorasi koʻrildi.

Bundan tashqari qabullar jarayonida oilalarni ham yarashtirish choralari koʻrilmoqda. Masalan, fuqaro S.A. turmush oʻrtogʻi I.K. bilan qonuniy nikohdan oʻtib turmush qurganini, bir nafar farzandi borligini, ikki oy avval oʻzaro kelishmovchilik sababli ajrashib ketganligini kelgusida oilasini tiklab yashash niyati borligi yuzasidan murojaat qildi. Mahalla faollari va sudyalar ishtirokida yosh oila va ularning ota-onalari bilan alohida suhbat oʻtkazilib, tushuntirishlar olib borildi va mazkur oila yarashtirildi. Shuningdek, M.X. va I.Yularning ham oilaviy nizosi hal etilib, yarashtirildi.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin qizlarga huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish viloyatning boshqa tumanlarida ham davom ettirilmoqda.

Namangan viloyat sudi jamoatchilik
va OAV bilan aloqalar boʻlimi