Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi, Komissiya raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Unda davlat rahbari tomonidan xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish hamda bandligiga koʻmaklashish yuzasidan belgilab berilgan vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, faolligini oshirish, ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, kambagʻallikni qisqartirish, xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka jalb qilish yoʻlida muhim choralar koʻrilmoqda.
Soʻnggi yillarda ushbu yoʻnalishdagi huquqiy asoslarni mustahkamlash maqsadida 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, ijroga qaratildi.
Jumladan, xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish hamda bandligiga koʻmaklashish boʻyicha Senat Raisi boshchiligida Yangiyoʻl tumanining Qirsadaq mahallasi tajribasi asosida respublikada yangicha tizim yoʻlga qoʻyildi.
Natijada 2024–2025-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi resursidan xotin-qizlar tadbirkorligi loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar belgilab olindi.
Shunga muvofiq Xalq banki, Mikrokreditbank, Biznesni rivojlantirish banki orqali xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga oid 250 ta tavsiyaviy biznes loyihalar ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, “Loyihalar fabrikasi” elektron platformasi ishga tushirilib, foydalanuvchilarga tavsiyaviy biznes loyihalar, sohalar boʻyicha ajratiladigan kredit shartlari bilan tanishish, kreditlarni onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi.
Belgilangan vazifalar hamda maqsadli koʻrsatkichlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishiga, shuningdek joylarda aniqlangan muammolarning tezkorlik bilan hal etilishiga koʻmaklashish maqsadida Oliy Majlis Senati aʼzolari, Respublika komissiyasi aʼzolari hududlarga, mahalliy Kengash deputatlari tuman, shahar va mahallalarga biriktirildi.
Buning natijasida 2024-yilning oʻzida xotin-qizlarning 251,4 mingi doimiy ish oʻrinlariga joylashtirildi, 54,5 mingi jamoat ishlariga jalb qilindi, 177,1 mingi kasb-hunarlarga va 147,3 mingi tadbirkorlikka oʻqitildi.
Shu bilan birga, 55,1 ming xotin-qizlarga 289 mlrd soʻm subsidiya ajratilib, bandligi taʼminlandi. 206,6 ming xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish va uni kengaytirish maqsadida 3 trln 472 mlrd soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi.
Majlisda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, xotin-qizlarning bandligini taʼminlash boʻyicha berilgan ayrim topshiriqlarning ijrosi tanqidiy tahlil qilindi.
Jumladan, ayrim mahallalarda xotin-qizlarning doimiy bandligini taʼminlash, jamoat ishlariga jalb qilish, mahallalarning drayveridan kelib chiqib kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish talab darajasida emasligi aytib oʻtildi.
Tijorat banklariga tashabbuskor xotin-qizlarning biznes loyihalarini ishlab chiqishga koʻmaklashish, yil davomida loyihalar amalga oshirilishini kuzatib borish, ayol tadbirkorlar bilan doimiy muloqot qilish va ularning muammolarini yechish muhimligi aytib oʻtildi.
Mazkur kamchiliklar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar, tijorat banklari, hudud rahbarlarining axborotlari eshitilib, bartaraf etish choralarini koʻrish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, majlisda Respublika komissiyasi tomonidan kelgusida amalga oshiriladigan ishlarga ham eʼtibor qaratildi.
Xususan, norasmiy bandlikni qisqartirish, nogironligi boʻlgan mehnatga layoqatli ishsiz ayollarga eʼtibor qaratish, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan, yuqori daromadli va zamonaviy kasb-hunarga xotin-qizlarni oʻqitish qamrovini kengaytirish, hududlarning oʻsish drayverlaridan kelib chiqib, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish vazifalari belgilab olindi.