Majlisni Komissiya raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Unda Respublika va hududiy Komissiya aʼzolari, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning mart oyida oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan qabul qilingan Prezident Farmoni va qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosining borishi muhokama etildi.

Senat Raisi kirish soʻzida taʼkidlaganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, faolligini oshirish, ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilyapti. Ayniqsa, xotin-qizlarning manfaatini himoya qilishning qonunchilik va institutsional negizini mustahkamlash yoʻlida muhim choralar koʻrilyapti.

Xususan, 20 ta normativ-huquqiy hujjat (3 ta Qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta farmoni, 2 ta qarori va 14 ta Hukumat qarori) loyihalari ishlab chiqildi va belgilangan tartibda Hukumatga kiritilgan. Ulardan 3 tasi qabul qilingan va ijroga qaratilgan.

Shuningdek, Mazkur qarorlar bilan, ushbu yoʻnalishdagi ishlarni tartibga soluvchi 4 ta Nizom, 1 ta “Yoʻl xarita” va 1 ta prognoz koʻrsatkich tasdiqlandi.

Bundan tashqari, Respublika komissiyasi tomonidan mahalladagi xotin-qizlar faoli ishini samarali tashkil etish hamda xotin-qizlar bilan ishlash masalasida namunaviy tizim yaratish tartibi ishlab chiqildi, ushbu jarayonda mutasaddi vazirlik va idoralarning hamda ularning quyi tuzilmalarining vazifalari ishlab chiqildi, Respublika komissiyasi aʼzolari hududlarga biriktirildi hamda joylarda mazkur tartib asosida ishlar tashkil etildi.

Xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalalari yuzasidan alohida ishchi guruh tashkil etilib, qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Majlis doirasida Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi raisining “2022 – 2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha Milliy dasturni 2022 – 2023-yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi”da belgilangan vazifalar ijrosining borishi yuzasidan hisoboti eshitildi.

Majlisda Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tomonidan hududlarda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish dasturi shu kunga qadar qabul etilmagani, rahbar xotin-qizlarni tayyorlash boʻyicha oʻquvlar boshlanmaganligi, xotin-qizlarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash ishlari sust borayotganligi, shu bilan birga, mahallalarda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlari tashkil qilish ishlariga yetarli eʼtibor qaratilmayotganligi tanqid qilindi.

Bundan tashqari, xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga muhtoj boʻlgan xotin-qizlarning muammolarini oʻrganish va bartaraf etish yuzasidan tegishli choralarni belgilash, ayol tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilishga koʻmaklashish, xotin-qizlarning tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish uchun xalqaro moliya institutlarining moliyaviy resurslarini jalb qilish ishlari sust olib borilayotganligi koʻrsatib oʻtildi.

Muhokamalardan kelib chiqqan holda, yil yakuniga qadar Davlat boshqaruvi akademiyasida 100 nafar istiqbolli xotin-qizlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash maqsadlarida oʻqitilishini hamda ularning milliy kadrlar zaxirasiga kiritilishini tashkil etish, joriy yilning sentyabriga qadar har bir tumanda kamida bittadan xotin-qizlarning bandligini taʼminlash va salomatligini mustahkamlash markazlarini tashkil etish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Komissiyaning hududlarga biriktirilgan aʼzolariga har oyda hududlarda Prezident farmoni va qarorlarida belgilangan vazifalar hamda komissiya majlislarida berilgan topshiriqlar ijrosining borishini, uning sifatini manzilli tahlil qilib borish, Respublika darajasida hal etiladigan muammolarni tegishli vazirlik va idora bilan birgalikda hal etish choralarini koʻrib borish hamda natijalari boʻyicha Respublika komissiyasiga axborot kiritib borish topshirildi.

Shu bilan birga, Komissiyaning navbatdagi majlislarida ushbu topshiriqlar ijrosining borishi yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, hudud rahbarlari va Komissiya aʼzolarining axborotlarini eshitib borish belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.