Bugun Buxoro shahrida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Agrar soha ayollari” uyushmasi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasida 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasida belgilangan vazifalar, erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish, ayniqsa, qishloq ayollarining manfaatlari va ehtiyojlarini hisobga olgan holda chora-tadbir va yechimlar ishlab chiqishga qaratilgan navbatdagi seminar-trening tashkil etildi.
Seminar mamlakat agrosanoat majmuasi vakillari ishtirokida “Inklyuziv qishloq xoʻjaligi siyosatini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida oʻtkazilib, asosiy eʼtibor qishloq xoʻjaligida gender yondashuvlarining asoslari, gender masalalariga oid Oʻzbekiston milliy qonunchiligi, Oʻzbekiston aholisining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda xotin-qizlarning roliga qaratildi.
Qayd etilganidek, mazkur strategiyadagi yoʻnalishlar BMTning 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq holda belgilangan.
FAO Qishloq xoʻjaligi va mamlakatning agrosanoat kompleksi bilan bogʻliq boshqa tashkilotlariga aholining ijtimoiy zaif qatlamlari, ayniqsa qishloq ayollarining ehtiyoj va manfaatlarini hisobga olgan siyosiy tadbir va yechimlarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirish imkoniyatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga yordam bermoqda.
Seminar-treningni yuridik fanlari doktori Lola Saidova, xalqaro trenerlar Nigora Gapparova, Gulnora Ishanxanova olib bordilar. Shuni eslatib oʻtish joizki, bunday treninglar mamlakatning agrosanoat kompleksi vakillari uchun avval Toshkent va Termezda oʻtkazilgan edi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjalik vazirligi matbuot xizmati.
Seminar ertaga ham oʻz ishini davom ettiradi.