Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashlarda jang maydonlarida va front ortida beqiyos jasorat va matonat koʻrsatgan, oʻz Vatanini himoya qilishda jonbozlik koʻrsatib, xalq orzu qilgan erkinlik uchun kurashgan milliy qahramonlarni yodga olish ham farz ham qarzdir.
Davlatimiz rahbarining Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga yoʻllagan tabrigi va esdalik sovgʻalarini topshirish uchun Jizzax viloyat prokurori Islamdjan Ergashxodjayev boshchiligida, tuman mudofaa boʻlimi, sektor rahbarlari, “Yoshlar ittifoqi” faollari va keng jamoatchilik vakillari Zomin tumani, “Shirin” q.f.y., Qizilsoy qishlogʻida istiqomat qiluvchi Bosimbek ota Begbutayevning xonadoniga tashrif buyurishdi.
Bosimbek Begbutayev 1942-1943-yillarda Sovet Armiyasi safida xizmat qilib, janglarda koʻrsatgan jasoratlari uchun II-darajali “Otechestvennaya Voyna” ordeni bilan taqdirlangan, shu bilan birga Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.
Tantanali oʻtgan tadbirda viloyat prokurori I.Ergashxodjayev tomonidan Prezidentimizning tabrigi oʻqib eshittirildi va esdalik sovgʻasi hamda 12 mln. soʻm miqdoridagi pul urush faxriysiga topshirildi.
Xuddi shunday, 1922-yil 15-iyunda Jizzax viloyati Zomin tumanida tugʻilgan, 1941-1946-yillarda Sovet Armiyasi safida xizmat qilgan Pirnazar ota Axmedovning xam xonadoniga tashrif buyurildi.
Pirnazar Axmedov urush yillarida Ukraina, Polsha, Chexoslavakiya, Germaniya davlatlarini fashist bosqinchilaridan ozod qilish janglarida ishtirok etib, 1942 va 1943-yillarda ikki marta jarohatlangan.
Janglarda koʻrsatgan jasoatlari uchun II-darajali “Otechestvennaya Voyna” ordeni, “Za otvagu” medali, “Za vzyatiye Berlina” medali, “Za vzyatiye Pragi” medali, “Za Pobedu nad Germaniyey” medali bilan taqdirlangan. Shu bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.