Oxirgi tadqiqotlar ratsionga sarimsoqpiyoz va zanjabil kabi o'tlar va ziravorlar qo'shilishi keksa odamlarda fikrlash va xotirani yaxshilashi mumkinligini ko'rsatgan edi.
Yangi tadqiqotda olimlar turli antioksidantlar va yallig'lanishga qarshi birikmalarni o'z ichiga olgan yapon ziravori – vasabining ta'sirini sinab ko'rishdi.
Tajribada qandli diabet, ruhiy kasalliklar va yurak xastaliklari bo'lmagan 60-80 yoshli yaponiyaliklar ishtirok etdi. 12 hafta davomida ular uxlashdan oldin platsebo yoki tabletka shaklida 100 milligramm vasabi ekstraktini qabul qilishdi.
Vasabi ekstraktini qabul qilganlarda platsebo guruhiga nisbatan epizodik, mantiqiy va ishchi xotira ko'rsatkichlari sezilarli yaxshilangani aniqlandi.
Olimlarning fikricha, tadqiqot ishtirokchilarida kognitiv funksiyaning yaxshilanishiga 6-MSITC deb ataladigan modda sabab bo'lgan, u miyaning gippokamp qismida yallig'lanishni kamaytiradi, shuningdek, miya hujayralarini reaktiv kislorod turlari kabi radikal molekulalarning shikastlanishidan himoya qiladi, deb xabar beradi rambler.ru.